Fransiyaning “Voltalia” kompaniyasi Buxoro viloyatida qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida umumiy qiymati $1 mlrd bo‘lgan ikkita loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya vitse-prezidenti Yoni Ammar “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Voltalia” vakili kompaniya O‘zbekistonda bundan bir yarim yil avval, Xorazm viloyatida 100 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasini qurish bo‘yicha tenderda g‘olib chiqqan paytda ish boshlaganini ta’kidladi.

Qurilishi mart oyida “Voltalia” prezidenti va rahbari tomonidan boshlangan stansiyaning umumiy qiymati $400 mlnni tashkil etdi.

“Maqsadimiz 1 GVt quvvatni joriy etishdir. $1 mlrdga teng loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Ayni paytda 35ta doimiy ish o‘rni yaratildi. Faoliyatimiz ko‘lami kengaygan sari yangi bo‘sh ish o‘rinlari soni ham ortadi”, — dedi Yoni Ammar.

Taqdimotda aytilishicha, loyihalardan biri G‘ijduvon tumanida gibrid elektr stansiyasini qurish hisoblanadi. Stansiyaning qiymati va quvvati mos ravishda $400 mln va 400 MVtni tashkil qiladi. Ikkinchi energiya loyihasi $650 mlnga baholanmoqda va 30 ta ish o‘rni yaratiladi.

“Voltalia” 2022-yil oxirida Xorazmda quyosh elektr stansiyasini qurish bo‘yicha tenderda g‘olib chiqdi. Fransiya kompaniyasi loyihani amalga oshirish uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan $34 mln miqdorida kredit olishni rejalashtirgan.

Bundan tashqari, kompaniya Navoiy viloyatida quvvati 400 MVt bo‘lgan gibrid elektr stansiyasi va energiya saqlash tizimini qurish bo‘yicha dastlabki kelishuvni rasmiylashtirdi.

Shuningdek, “Voltalia” 2023-yil noyabr oyida hukumat bilan loyihalar bo‘yicha shartnomalar tuzdi.

May oyida Voltalia kompaniyasi Xorazm viloyatida 500 MVt quvvatga ega akkumulyator tizimini qurishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi. Majmua qurilayotgan fotoelektr stansiyadan energiya yig‘ish uchun ishlatilishi ko‘zda tutilgan.


Avvalroq “Spot” 2025-yilda Rossiya O‘zbekistonda ikkita GAESni qurish loyihalarini ishlab chiqishi haqida yozgandi.

Shuningdek, RusGidro kompaniyasi Mullalak va Pskom GESlari qurilishining texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorladi.