Toshkentda tahsil olayotgan talabalar chiptalarni sayyor kassalar orqali sotib olishlari mumkin. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qishki ta’til munosabati bilan poytaxtdagi OTMlarda tahsil olayotgan talabalarning doimiy yashash manzillariga yetib borishlarida qo‘shimcha qulaylik yaratish uchun sayyor kassalar tashkil etildi.

Ular orqali talabalar temir yo‘l hamda avtobus qatnovlariga chiptalarni sotib olishlari mumkin. Sayyor kassalar quyidagi manzillarda tashkil etilgan:

Joriy o‘quv yili uchun beriladigan qishki ta’til joriy yilning 25-dekabridan 2025-yilning 7-yanvariga qadar etib belgilangan. Bu OTMi talabalari, texnikum, kollej, kasb-hunar maktabi va akademik litseylar o‘quvchilari uchun amal qiladi.

“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi talabalar uchun 50%gacha chegirma e’lon qildi. Undan o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari talabalari mahalliy yo‘nalishlardagi parvozlarda foydalanishlari mumkin.

Chegirma joriy yilning 23-dekabridan boshlab, kelasi yilning 7-yanvarigacha bo‘lgan aviaqatnovlarning ekonom-klas toifasidagi chiptalar uchun amal qiladi.

Bundan tashqari, “O‘zbekiston temir yo‘llari"ning barcha mahalliy yo‘nalishdagi qatnovlariga ham chegirmalar mavjud.

Arzonlashtirilgan narxlar 23-dekabrdan 10-yanvargacha amal qiladi. Biroq, chegirmalar SV/VIP klass vagonlariga va yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdiga taqdim etilmaydi.

15-dekabrdan Toshkentdan Samarqandga qo‘shimcha “Afrosiyob” poyezdi yo‘lga qo‘yiladi. Qatnovlar 15−31 dekabr hamda 3−12 yanvar kunlari oralig‘ida haftaning juma, shanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.