Toshkent shahridagi yirik supermarketlarda ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxlari pasaydi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti xabar berdi.

MHTI mutaxassislari 7-noyabr va 12-dekabr kunlari o‘tkazilgan monitoring ma’lumotlari asosida poytaxtdagi yirik supermarketlarda 21 nomdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘zgarishini ko‘rib chiqdi.

Natijada 10 nomdagi mahsulot bo‘yicha minimal narxlar o‘tgan oydagiga nisbatan pasayganligi aniqlandi. Xususan, lavlagining minimal narxi 21,8%, limon — 16,7%, qizil sabzi — 14,4%, grechka — 10,7%, shakar — 2,8%, guruch — 2,8%, sut — 2,8%, banan — 2%, mol go‘shti — 1,7% hamda bug‘doy uni 0,6%ga pasaygan.

Bundan tashqari, 10 nomdagi mahsulot bo‘yicha minimal narxlar oshgan. Bu bo‘yicha oqbosh karam yetakchilik qildi. Shunga qaramay, Toshkentda oqbosh karamning narxi Markaziy Osiyo mamlakatlari poytaxtlari orasida eng past narx ekani qayd etilgan. Bu mahsulot narxi Dushanbeda 2 baravar, Ostonada 1,7 baravar, Bishkekda 1,2 baravar yuqori.

Bodring narxi ham sezilarli darajada oshdi. Ammo o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 4,3%ga arzon. Margarinning eng past narxi o‘zgarishsiz qolgan.

Raqobat qo‘mitasi Yangi yil bayrami arafasida yirik savdo tarmoqlariga muhim oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini asossiz oshirishga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Avvalroq poytaxt hokimligi Toshkentdagi 12ta bozorda arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkasi tashkil etilgani haqida xabar bergandi.