“Silk Avia” aviakompaniyasi Yangi yil bayrami munosabati bilan talabalarga chegirma e’lon qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Chegirma joriy yilning 23-dekabridan 2025-yilning 7-yanvarigacha amalga oshiriladigan barcha mahalliy yo‘nalishlardagi aviaqatnovlar uchun amal qiladi.

Undan o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari talabalari foydalanishlari mumkin. Ulardan davlat muassasasida o‘qishini tasdiqlovchi hujjat talab etiladi.

Chegirmali chiptalar aviakompaniyaning “Omad Plus”, “Omad” hamda “Oson Plus” tariflari uchun 50% miqdorida beriladi.

Aviachiptalarni faqat “Uzbekistan Airways Sales” filialida, O‘zbekiston hududidagi vakolatli agentlardan va mamlakatning barcha xalqaro aeroportlaridan xarid qilish mumkin.

“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi ham talabalar uchun 50%gacha chegirma e’lon qildi. Undan o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari talabalari mahalliy yo‘nalishlardagi parvozlarda foydalanishlari mumkin.

Chegirma joriy yilning 23-dekabridan boshlab, kelasi yilning 7-yanvarigacha bo‘lgan aviaqatnovlarning ekonom-klas toifasidagi chiptalar uchun amal qiladi.

Bundan tashqari, “O‘zbekiston temir yo‘llari"ning barcha mahalliy yo‘nalishdagi qatnovlariga ham chegirmalar mavjud. Arzonlashtirilgan narxlar 23-dekabrdan 10-yanvargacha amal qiladi. Biroq, chegirmalar SV/VIP klass vagonlariga va yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdiga taqdim etilmaydi.

Talabalarga chipta sotib olish uchun sayyor kassalar tashkil etildi. Toshkentdagi ikkita OTM binosida temir yo‘l hamda avtobus uchun chiptalarni sotib olish mumkin.

Joriy o‘quv yili uchun beriladigan qishki ta’til joriy yilning 25-dekabridan 2025-yilning 7-yanvariga qadar etib belgilangan. Bu OTMi talabalari, texnikum, kollej, kasb-hunar maktabi va akademik litseylar o‘quvchilari uchun amal qiladi.