Endi yo‘qolgan haydovchilik guvohnomasini Yagona portal orqali tiklash mumkin. Bu haqda portal Telegram-kanalida xabar berildi.
Buning uchun portal (my.gov.uz) orqali Haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish xizmati ga kirish lozim. Shundan so‘ng Yo‘qolgan haydovchilik guvohnomasini tiklash bo‘limini tanlab, ariza jo‘natiladi.
Xizmat narxi BHMning 0,9 baravarini (370,8 ming so‘m) tashkil etadi. Guvohnomani pochta orqali olish uchun esa qo‘shimcha 25 ming so‘m to‘lov mavjud.
Bunda quyidagi holatlarda ariza rad etilishi mumkin:
- haydovchilik guvohnomasi haqidagi ma‘lumotlar tizimda tasdiqlanmasa;
- fuqaro transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan bo‘lsa;
- Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 131 va 136-moddalari bo‘yicha ma‘muriy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa.
Xizmat 1 ish kunida ko‘rsatiladi hamda pochta orqali yetkazib berish bilan birga, jami 3 ish kuni ichida YHXX binosiga bormasdan yangi guvohnomani olish mumkin.
2023-yilning yanvar oyidan eski haydovchilik guvohnomalarini onlayn almashtirish imkoniyati yaratildi. Aprel oyida portal orqali guvohnomani onlayn olish imkoniyati yaratilishi ma’lum qilingandi. 2024-yilning iyulida portalda yangi haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish imkoni ham paydo bo‘ldi.
Spot haydovchilik guvohnomasini onlayn yangilash hamda yo‘qolgan haydovchilik guvohnomasini tiklashga arizani onlayn jo‘natish bo‘yicha qo‘llanmalar tayyorlagan edi.
Avvalroq Yagona portaldagi pulli xizmatlar bank va aloqa operatorlari ilovalariga ulanishi haqida xabar berilgandi.