Avvalroq Toshkentda chiqindi to‘lovidan qarzi bo‘lganlarga elektr uchun to‘lov cheklanayotgani haqida xabar berilgandi.

Energetika vazirligi matbuot xizmati ushbu holat bo‘yicha tushuntirish berdi.

Taʼkidlanishicha, chiqindidan qarzi bor isteʼmolchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektr taʼminotidan uzilmaydi. Ular Hududiy elektr tarmoqlari‘ning 2100 qisqa raqamidan SMS xabarnoma oladi va ogohlantiriladi.

Besh kun ichida qarzdorlik bartaraf etilmasa, ushbu abonentning elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyatiga vaqtincha cheklov o‘rnatiladi.

Isteʼmolchi tomonidan qarzdorlik bartaraf etilishi bilanoq, darhol cheklov yechiladi.

Chiqindidan qarzdorlik uchun “svet"dan uzish

2024-yil boshida qabul qilingan prezidentning chiqindilarni boshqarish tizimini yaxshilashga qaratilgan farmonida chiqindi xizmatlari uchun oylik to‘lovlardan qarzdorligi bo‘lgan abonentlar SMS orqali xabardor qilib borish belgilangan.

Bunda, o‘tgan yilning 1-iyunidan Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida (6 oylik qarzdorlik uchun), 1-noyabrdan mamlakatning barcha hududlarida (3 oy) hamda 2025-yildan barcha hududlarda bir oylik qarzdorlik uchun ogohlantirishdan keyin to‘lov qilmaganlarning elektr uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash nazarda tutilgan.

Oktabrga kelib, chiqindi xizmatlaridan qarzdorligi bor fuqarolar elektr to‘lovlari cheklanishidan ogohlantirila boshlandi. “Hududiy elektr tarmoqlari” faqat bildirishnoma jo‘natish bilan cheklanib, elektr energiyasi uchun esa to‘lov qilish mumkin.

Bu elektr energiyasi, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlarga hamda “HET” va iste’molchilar o‘rtasidagi shartnomalar shartlariga o‘zgartirishlar kiritish talab etilishi bilan izohlandi.

Undan keyin kompaniya 1-noyabrdan chiqindidan qarzi borlar elektr energiyasidan tо‘liq uzilishi haqidagi xabarlarni rad etdi. To‘lov qilmaganlarning elektr uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklashni joriy qilish bo‘yicha texnik ishlar olib borilayotgani ma’lum qilindi.

Tegishli qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 24-dekabrda qabul qilingan, Senat tomonidan esa joriy yilning 21-fevralida ma’qullangan. Mart oyiga kelib prezident tomonidan imzolandi.


Avvalroq Spot 2026-yildan chiqindi to‘lovlari faqat onlayn qabul qilinishi haqida yozgandi.