Hukumatning tegishli qarori bilan tasdiqlangan Jismoniy va yuridik shaxslarga ma’lumotnomalar berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yagona ma’muriy reglamentiga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Qarorga muvofiq, kommunal xizmatlardan qarzdorlik mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berish pasporti tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, so‘rovnomada shaxsga oid quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:
- jismoniy shaxslar uchun — F.I.Sh., pasport yoki ID-karta ma’lumotlari, ma’lumotnoma tili, elektron manzil (mavjud bo‘lsa), telefon raqami va kadastr raqami;
- yuridik shaxslar uchun — to‘liq nomi, telefon raqami, STIR, kadastr raqami hamda abonent hisobraqami (mavjud bo‘lsa).
Qayd etilishicha, fuqarolar uchun mazkur davlat xizmati bepul ko‘rsatiladi.
2025-yil 16-sentabrdagi prezident qarori bilan kommunal xizmatlardan qarzdorlik mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berish bo‘yicha davlat xizmatini Yagona portal orqali joriy etish belgilangan.
Yanvar oyida davlat rahbari elektr, gaz, suv, issiqlik, chiqindi, “kvartplata”, soliq to‘lovlari bo‘yicha yagona billing hisob-raqamni joriy qilish kerakligini bildirgandi.
Joriy yilgi davlat dasturida Navoiy viloyatida sinov tarzida kommunal to‘lovlarning yagona tizimini joriy etish belgilangan.
Avvalroq Spot 1-maydan aliment qarzdorlariga kredit va davlat xizmatlaridan foydalanish cheklanishi haqida yozgandi.