Toshkent xalqaro aeroporti yangisi ishga tushirilgandan so‘ng yopilishi mumkin. Bu haqda 5-may kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi doirasida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Spot muxbiriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentning amaldagi aeroporti 2029-yilgacha yo‘lovchi oqimini oshirish salohiyatini to‘liq ishga solib bo‘ladi. Shu bois poytaxtga parvozlarni qabul qilish va jo‘natish imkoniyati kamida ikki baravar ko‘proq bo‘lgan yangi havo bandargohi zarur.

Poytaxtning hozirgi aeroporti taqdiri haqidagi savolga javob berar ekan, Jasurbek Choriyev bu borada konseptual tushuncha mavjudligini ta’kidladi.

“Umuman olganda, konseptual [tushuncha] mavjud, chunki xususiy sherik bilan [yangi aeroport qurilishi bo‘yicha] kelishilgan shartlar mavjud. Agar biz yangisini ochadigan bo‘lsak, eskisini yopishimizga to‘g‘ri keladi. Bu mantiqan to‘g‘ri. Bunda aynan nima bo‘lishi hozircha noma’lum”, — deya izoh berdi amaldor.

2025-yil noyabr oyida Transport vazirligi rahbari o‘rinbosari Spot’ga 2030-yildan keyin Toshkentning yangi xalqaro aeroportiga ko‘chib o‘tish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi. Amaldagi aeroportning salohiyati hali tugamagan, ammo uning keyingi taqdiri bo‘yicha “prinsipial qaror” qabul qilingan.

Avvalroq Spot Toshkentning yangi aeroporti qurilishi joriy yilning iyun oyida boshlanishi haqida yozgan edi.