Avvalroq British Petroleum Ustyurtda neft va gaz qazib olishga rasman qo‘shilayotgani haqida xabar berilgandi.

bp O‘zbekistonning Shimoliy Ustyurt tumanidagi oltita investitsiya bloki bo‘yicha Mahsulot taqsimotiga oid bitimga (MTB) qo‘shilganini tasdiqladi. Bitim Boyterak, Terengduq, Birqori, Xoroy, Qoraqalpoq va Qulboy bloklarini qamrab oladi.

“Biz O‘zbekneftgaz va ko‘p yillik hamkorimiz SOCAR bilan birgalikda O‘zbekistondagi ilk loyihamizni amalga oshirishni boshlaganimizdan mamnunmiz. Biz O‘zbekiston salmoqli resurs salohiyatiga ega deb hisoblaymiz va buni mamlakatning neft-gaz resurslarini qidirish hamda o‘zlashtirishga ko‘maklashish orqali mintaqaga uzoq muddatli foyda keltirish imkoniyati sifatida ko‘ramiz”, — dedi bp‘ning Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya bo‘yicha mintaqaviy prezidenti Jovanni Kristofoli.

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov bp‘ning Ustyurt platosidagi loyihaga qo‘shilishini “shunchaki tijoriy kelishuv emas, balki xalqaro investorlarning O‘zbekistondagi islohotlarga bo‘lgan ishonchi hamda mamlakatning energetika sohasini rivojlantirish bo‘yicha strategik yo‘nalishining yaqqol dalili” deb atadi.

O‘z navbatida, O‘zbekneftgaz boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov bp‘ning Shimoliy Ustyurtdagi oltita blokda qidiruv ishlarida ishtirok etishi O‘zbekiston energetika sektorining yuqori investitsiyaviy jozibadorligini tasdiqlashini ta‘kidladi.

Bitim shartlariga ko‘ra, bp amaldagi hamkorlarning har biridan 20% dan sotib olib, MTBdagi 40% lik ishtirok ulushiga ega bo‘ldi. Bitimdan so‘ng ulushlar quyidagicha taqsimlandi: bp — 40%, O‘zbekneftgaz — 30%, SOCAR — 30% va loyiha operatori maqomi.

O‘zbekneftgaz bosh geologi Nodir Ubaydullayevning jurnalistlarga ma‘lum qilishicha, geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va yangi uglevodorod konlarini izlash loyihaning asosiy vazifasi bo‘ladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bp va SOCAR loyiha doirasidagi geologik va texnologik risklarni o‘z zimmasiga oladi.

U, shuningdek, O‘zbekneftgaz loyihadagi 30% lik ulushini saqlab qolayotgani bois O‘zbekiston manfaatlari MTB shartlari bilan himoyalanganini ta‘kidladi. Bundan tashqari, kon topilgan taqdirda ham u davlat mulki bo‘lib qoladi, qazib olingan mahsulot esa mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitim shartlariga muvofiq taqsimlanadi.

Spot, avvalroq, SOCAR kompaniyasi O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochishi haqida yozgandi.