Yevropa Markaziy banki 11-iyun kuni 2023-yil sentabridan beri birinchi marta uchta asosiy stavkani oshirishga qaror qildi, deya xabar bermoqda Forbes.ru.

17-iyundan bazaviy stavka 2,4% ga, depozit stavkasi 2,25% ga teng bo‘ladi, marjinal kredit liniyasi stavkasi 2,65% gacha oshadi. Har uchala ko‘rsatkich ham 0,25 foiz punktga oshgan.

Yevropa Markaziy banki boshqaruvi Yaqin Sharqdagi mojaro tufayli inflyatsion bosim kuchayganini qayd etmoqda. Stavkalarning oshishi vaziyatning yevrohududga keyingi ta’sirining bir qator ssenariylari bilan bog‘liq.

Energiya narxlarining oshishi, shuningdek, oziq-ovqat, tovarlar va xizmatlarga kutilayotgan ta’sir fonida regulyator joriy yil uchun inflyatsiya prognozini 2,6% dan 3% ga oshirdi.

2027-yilda ekspertlar uning 2,3% gacha sekinlashishini, 2028-yilda esa yillik 2% lik maqsadli ko‘rsatkichgacha pasayishini bashorat qilmoqdalar.

Bundan tashqari, mojaroning xomashyo bozorlari va aholining real daromadlariga ta’siri tufayli 2026−2027-yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy o‘sish prognozi mos ravishda 0,8% va 1,2% gacha pasaydi. Faqat 2028-yilda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’ati 1,5% gacha oshishi kutilmoqda.

Yevropa Markaziy banki istiqbollarning noaniqligi va inflyatsiya xavfining ustunligi, shuningdek, o‘sish prognozlarining pasayish tomon qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligini ta’kidlaydi.

Mojaroning o‘rta muddatli inflyatsiyaga va umuman iqtisodiyotga ta’siri narx shokining davomiyligi va intensivligiga, shuningdek, uning bilvosita ta’sirlari ko‘lamiga bog‘liq bo‘ladi.

Yevrostatning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, may oyi oxirida yevrohududda yillik inflyatsiya bir oy oldingi 3% ga nisbatan 3,2% ni tashkil etdi. Bunga, birinchi navbatda, may oyida yillik hisobda 11% ga yetgan energiya narxlarining keskin o‘sishi ta’sir ko‘rsatdi.

Bungacha AQSH statistika idoralari so‘nggi uch yildagi rekord darajadagi yillik 4,2% lik inflyatsiya haqida xabar bergan edi. Shu fonda investorlar Federal zaxira tizimi tomonidan stavkalarning oshirilishini kutishmoqda, bu esa allaqachon oltin narxiga ta’sir ko‘rsatdi.


Avvalroq Spot Yevropa Ittifoqi Temu’ni xavfli mahsulotlar sotgani uchun 200 mln yevro jarimaga tortgani haqida yozgandi.