Erkin iqtisodiy zonalarni (EIZ) rivojlantirishda soliq imtiyozlarining o‘rni bahsli bo‘lib qolmoqda: ular investorlarni jalb qilishga yordam berishi mumkin, biroq iqtisodiyot uchun har doim ham barqaror samara keltiravermaydi. Bu haqda TIIF-2024 da IFCning O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkiya bo‘yicha direktori Liza Kestner so‘z yuritdi.
Kestner Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyodagi sanoat siyosati bo‘yicha tadqiqoti ma‘lumotlarini keltirdi. Unda biznesni qo‘llab-quvvatlashning turli choralari — subsidiyalar, soliq imtiyozlari va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashning iqtisodiyotga qanday ta‘sir qilishi baholangan.
“Subsidiyalar investitsiyalar va iqtisodiy o‘sishga tezkor turtki berishi mumkin, biroq aslida mahsuldorlik yoki raqobatbardoshlikning oshishiga olib kelmaydi. Bu barqaror emas va iqtisodiyotga real foyda keltirmaydi. Iqtisodiyotga haqiqatan foyda keltiradigan narsa — bu infratuzilmadan uzoq muddatli foydalanish imkoniyati hamda kuchli investitsiya muhitidir”, — dedi u.
Muvaffaqiyatli rivojlanish uchun erkin iqtisodiy zonalar aniq biznes-modelga ega bo‘lishi kerak: jozibador tarmoqlar, iqtisodiyotning raqobat ustunliklari va bozordagi imkoniyatlar belgilab olinishi zarur. Erkin iqtisodiy zonalar “alohida orollar” sifatida faoliyat yuritmasligi kerak — ularning samaradorligi mahalliy iqtisodiyot, yetkazib beruvchilar, bozorlar va mavjud korxonalar bilan uzviy bog‘liqligiga bevosita bog‘liq. Bunday yondashuv yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy biznesni qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish hamda xususiy sektorni rivojlantirish imkonini beradi.
IFC rivojlanish uchun beshta asosiy shartni ajratib ko‘rsatdi: oldindan prognoz qilinadigan tartibga solish, oddiy va shaffof tartib-taomillar, tushunarli institutsional qoidalar, sifatli infratuzilma va malakali kadrlar.
Boston Consulting Group boshqaruvchi direktori va katta hamkori Rami Rafi ham shunga o‘xshash fikr bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab mamlakatlarda EIZlar to‘liq quvvatda ishlamayapti yoki deyarli faoliyat ko‘rsatmayapti, ularning mavjudligining o‘zi esa investorlar oqimini kafolatlamaydi.
“Masala endi zonalarni qanday ishga tushirishda emas, balki qanday qilib iqtisodiy samara yaratish va bunga barqaror erishishda. Soliqlarga asoslangan eski zona modelidan ekotizimga asoslangan zonalarga o‘tish kerak. Bojxona imtiyozlari, arzon yer, namunaviy infratuzilma va shu kabilarga kamroq e‘tibor qaratish lozim. Yoki, hech bo‘lmaganda, buni zarurat tug‘ilganda qo‘llash mumkin, lekin bundan ancha ko‘proq ish qilish kerak”, — deb ta‘kidladi Rafi.
Muvaffaqiyatsizlik sabablari qatorida u loyihalarning sust amalga oshirilishi, passiv boshqaruv, ichki iqtisodiyot bilan aloqalarning yo‘qligi va noaniq boshqaruv tizimini sanab o‘tdi. Ekspert EIZning muvaffaqiyatli modeli ekotizimli bo‘lishi kerakligini ta‘kidladi. Bu “yakor” investorlarni jalb etish, yetkazib beruvchilar bazasini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash, mahalliy sanoat bilan integratsiyalashuv, investitsiyalarni faol rag‘batlantirish va faoliyat yuritayotgan investorlarni qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi.
Osiyo taraqqiyot bankining xususiy sektor bo‘yicha mintaqaviy rahbari Enriko Pinali ham zonalar investorlar uchun boshqa maydonchalardan qanday ajralib turishi mumkinligi haqida gapirdi. Ekspertning fikricha, loyihalar uchun raqobat sharoitida avvalgi yondashuv endi ish bermaydi.
“Agar imtiyoz va yer taqdim etilsa, investor keladi, degan yashirin tushuncha yoki kutish bor. Ammo buning o‘zi yetarli emas. Maxsus iqtisodiy zonalar o‘zaro raqobatlashadi va raqobatda o‘ziga xosliklar hisobiga ustunlikka erishish kerak. Infratuzilma va o‘zaro bog‘liqlik ana shunday o‘ziga xosliklarga aylanmoqda”, — dedi Pinali.
Zamonaviy EIZlar uchun nafaqat bazaviy infratuzilma, balki uning sifati ham muhimdir. Zona ichki bozor, transport yo‘laklari va mintaqaviy ta‘minot zanjirlari bilan bog‘langan bo‘lishi shart. Pinali investorlar “yashil” infratuzilma va ESG talablariga tobora ko‘proq e‘tibor qaratayotganini qo‘shimcha qildi.
Shu bois EIZlarga faqat ishlab chiqarish maydonchalari sifatida emas, balki transport yo‘laklari, yetkazib beruvchilar va mintaqaviy bozorlarga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lgan kengroq iqtisodiy tizimning bir qismi sifatida qarash muhim, deya qayd etdi ekspert.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston qanday qilib Markaziy Osiyoning aviatsiya xabiga aylanishi mumkinligi haqida yozgandi.