Toshkentda Pushkin-TTZ va Texnopark-Yangi Toshkent metro yo‘nalishlari qurilishi tezlashtiriladi. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan hukumat qarori loyihasida so‘z boradi.
Hujjatga ko‘ra, Pushkin-TTZ metro liniyasi 11 kilometr uzunlikda bo‘lib, 10 ta bekat va xizmat ko‘rsatuvchi depodan iborat bo‘ladi.
Texnopark-Yangi Toshkent yo‘nalishi esa 21 kilometr uzunlikda bo‘lib, 9 ta bekat va xizmat ko‘rsatuvchi depoga ega bo‘lishi rejalashtirilgan.
Loyihalarni amalga oshirish doirasida buyurtmachi etib Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi davlat muassasasini belgilash nazarda tutilgan.
Qurilish-montaj ishlari fast-track usulida tashkil etilib, Yevropa Ittifoqining shaharsozlik norma va standartlari asosida amalga oshiriladi.
Qaror loyihasiga ko‘ra, Texnopark-Yangi Toshkent metro liniyasining birinchi bosqichi qurilishi 2026-yilda yakunlanishi kerak. Loyihani to‘liq 2028-yil 1-sentabrgacha foydalanishga topshirish vazifasi belgilangan.
Shuningdek, metro qurilishi rejalashtirilgan hududlarda yer uchastkalari, bino va inshootlar hamda mulkdorlarni xatlovdan o‘tkazish, ko‘chmas mulklarga yetkaziladigan zararlarni qoplash bo‘yicha amaliy choralar rejasini ishlab chiqish nazarda tutilmoqda.
Qurilish ishlari davrida transport harakatini aylanma yo‘llar orqali tashkil etish, jamoat transporti qatnovining uzluksizligini ta‘minlash hamda qurilish maydonlariga to‘g‘ri keladigan muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini ko‘chirish bo‘yicha ham tegishli topshiriqlar berilishi rejalashtirilgan.
Spot, avvalroq, Toshkent metrosi 23-iyun kuni soat 01:00 gacha ishlashi haqida yozgandi.