Toshkent metropolitenida kelishilmagan reklama aksiyasi sababli Uklon bannerlari olib tashlandi, deya xabar berdi poytaxt metropoliteni matbuot xizmati.
21-iyun kuni taxminan tungi soat 02:00 da Toshkent metropolitenining 20 dan ortiq bekatlari vestibyullarida reklama bannerlariga “metropoliten rahbariyati bilan kelishilmagan holda o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishlar kiritilgani” aniqlandi.




Ma’lum qilinishicha, mazkur holat metropoliten xodimlari tomonidan zudlik bilan nazoratga olingan va qisqa vaqt ichida ushbu harakatlarni sodir etishga aloqador shaxslar aniqlangan.
PR kampaniyasini ishlab chiqqan va amalga oshirgan Uklon marketing bo‘limi xodimi Artem Lining aytishicha, kompaniya reklama bannerlariga o‘zgartirishlar kiritish uchun Inkuzart taxallusi ostida ishlaydigan taniqli ko‘cha rassomini yollagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyadagilar reklama konstruksiyalaridagi har qanday o‘zgarishlarni metropoliten rahbariyati bilan kelishish kerakligini bilishmagan va “buni bundan buyon ham yodda tutishga va kelgusida hammasini kelishishga” va’da berdi.
Uklon xodimi Artyom Li. Foto: skrinshot
“O‘rganish davomida ayrim reklama beruvchilar belgilangan tartibga rioya qilmasdan va tegishli ruxsatnomalarni olmasdan reklama materiallariga o‘zgartirishlar kiritganligi aniqlandi. Mazkur holat yuzasidan aybdor shaxslarga nisbatan amaldagi qonunchilikka muvofiq ma’muriy ta’sir choralari qo‘llanilgan”, — deyiladi xabarda.
Metropoliten vakilining so‘zlariga ko‘ra, hozirda barcha reklama bannerlari demontaj qilinmoqda, buni e’lon qilingan video tasdiqlaydi.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 10-oktabrdagi qaroriga muvofiq, metropoliten hududidagi reklama konstruksiyalari va axborot materiallariga oid har qanday o‘zgartirishlar faqat belgilangan tartibda va metropoliten rahbariyati bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Metropoliten faoliyati bilan bog‘liq yoki uning nomidan amalga oshiriladigan har qanday PR-aksiyalar va reklama tadbirlarini o‘tkazishga faqat tegishli ruxsatnoma mavjud bo‘lgandagina yo‘l qo‘yiladi, deya eslatdi Toshkent metropoliteni.

Avvalroq Spot Xalqlar do‘stligi saroyi atrofidagi noqonuniy bannerlar olib tashlangani haqida yozgandi.
Madaniy meros agentligi holat yuzasidan mas’ullarga nisbatan tegishli choralar ko‘rish bo‘yicha ogohlantirish berdi.





