Toshkent shahrida ayrim tadbirkorlardan yangi qurilgan noturarjoy obyektlarini kadastr ro‘yxatidan o‘tkazishda bozor qiymatidan kelib chiqib QQS va foyda solig‘i to‘lash talab qilinayotgani aytilmoqda.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning ta‘kidlashicha, amaldagi qonunchilik bozor narxidan sezilarli darajada past narxda realizatsiya qilingan ko‘chmas mulk bo‘yicha soliq bazasiga tuzatish kiritishni nazarda tutadi.

Uning fikricha, bu tartib yangi qurilgan obyektni kadastr ro‘yxatidan o‘tkazish holatlariga tatbiq etilmasligi kerak. U bunga misol tariqasida quyidagi vaziyatni keltirdi:

“Aytaylik, Chilonzorda 1000 kv.m bino qurildi. Binoni qurish tadbirkorga 1 mln dollarga tushdi. Lekin shu kabi binoning bozor narxi mos analog o‘lchovlari bo‘yicha 2 mln dollar. Tadbirkor binoni ro‘yxatga olishda 1 mln dollarlik farqdan 12% QQS va 15% foyda solig‘i to‘lash kerakmi? Yo‘q. Bu absurd, lekin shu absurdni amalda qo‘llashga urinish boshlangan”.

Soliq qo‘mitasi esa bunday talqin soliq qonunchiligiga mos emasligini ma‘lum qildi.

Qo‘mita tushuntirishicha, QQS faqat tovarlar va xizmatlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmaga nisbatan hisoblanadi. Qurilgan ko‘chmas mulk obyektini kadastr ro‘yxatidan o‘tkazish esa realizatsiya hisoblanmaydi.

Shu sababli obyektni kadastr ro‘yxatidan o‘tkazishning o‘zi QQS yoki foyda solig‘ini hisoblash uchun asos bo‘la olmaydi.

Qo‘mita, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-maydagi 253-son qarori ham faqat ko‘chmas mulk realizatsiya qilinganda, bitim narxi bozor qiymatidan sezilarli darajada farq qilgan holatlarga nisbatan qo‘llaniladi. Mazkur tartib yangi qurilgan obyektni kadastr ro‘yxatidan o‘tkazish jarayoniga tatbiq etilmaydi.

Qo‘mitaning ta‘kidlashicha, tadbirkor obyektni qurgan va uni faqat kadastr ro‘yxatidan o‘tkazayotgan, biroq hali realizatsiya qilmagan bo‘lsa, obyektning bozor qiymati bilan qurilish xarajatlari o‘rtasidagi farq QQS va foyda solig‘ini qo‘shimcha hisoblash uchun asos bo‘lmaydi.

Shu bilan birga, qo‘mita yangi qurilgan ko‘chmas mulk obyektlarini faqat kadastr ro‘yxatidan o‘tkazish fakti bo‘yicha qo‘shimcha soliqlar hisoblash yuzasidan topshiriqlar berilmaganini ma‘lum qildi.

Agar tadbirkorlardan soliq solish obyekti mavjud bo‘lmagan holda asossiz ravishda soliq to‘lash talab qilingan bo‘lsa, ular Soliq qo‘mitasiga murojaat qilishi mumkin.

Har bir murojaat belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi va qonunbuzarlik aniqlansa, tegishli choralar ko‘rilishi bildirildi.

Spot, avvalroq, Andijonda 38,3 mlrd so‘mlik keshbek noqonuniy o‘zlashtirilgani aniqlangani haqida yozgandi.