Farg‘ona viloyati hokimligi So‘x tumaniga doimiy aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishini ma‘lum qildi.
Buning uchun tumandagi uchish-qo‘nish yo‘lagi va maydoni kengaytiriladi hamda qo‘shimcha 13 gektar yer ajratiladi. Shuningdek, talab yuqori bo‘lgan yangi aviayo‘nalishlarni ochish rejalashtirilgan.
Qatnovlar Cessna-208 Caravan va L-410 turdagi samolyotlarda amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, So‘xdan boshqa shahar va tumanlarga jamoat transporti yo‘lga qo‘yiladi. Chegara o‘tkazish punktlarida esa ro‘yxatdan o‘tkazish darchalari soni ikki baravar oshiriladi.
Joriy yilning aprelida prezident raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda So‘x tumanida turizm va xizmat ko‘rsatish sohasida $60 mln investitsiya jalb qilinishi taʼkidlangandi.
Spot, avvalroq, Buxoro va Sariosiyo o‘rtasida aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.