Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev raisligida yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida yozgan edi.

Kuni kecha Hududiy elektr tarmoqlari boshqaruvi raisi etib tayinlangan Sardor Isaqulov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida yig‘ilishda elektr ta’minotidagi uzilishlar va xizmat sifati “ayanchli ahvolda” ekanligi keskin tanqid qilinganini aytdi.

“Prezidentimiz aytib o‘tdilar: „Noldan isloh qilamiz, energetika sohasini noldan qurib boramiz“. Sohaga qanday yordamlar kerak bo‘ladigan bo‘lsa, mas’ullarning yonida turib, yordam choralarining xonadonga kirib borgungacha bo‘lgan infratuzilmani joyida manzilli dastur asosida ishlab, sifat ko‘rsatkichini yanada yaxshilash bo‘yicha bir qator topshiriqlar berildi”, — dedi u.

Shuningdek, mavjud transformatorlar va elektr uzatish tarmoqlarining yuklama markazlaridan uzoqda hamda nomutanosib joylashtirilgani tanqid qilindi. Shu munosabat bilan qarzdorlik darajasi yuqori va elektr uzilishlari ko‘p kuzatilayotgan tumanlarga Energetika vazirligi tizimidagi korxonalar rahbarlari shaxsan biriktiriladi. Ularga transformatorlar, gaz sohasida esa gaz taqsimlash punktlari kesimida ishlab, muammolarni manzilli bartaraf etish vazifasi yuklatildi.

Isoqulovning ta’kidlashicha, ushbu topshiriqlar ijrosi so‘zsiz ta’minlanadi. Kuz-qish mavsumiga qadar qolgan to‘rt oy davomida elektr ta’minotidagi uzilishlarni kamaytirish, kelgusida bunday holatlarning oldini olish va sabablarini bartaraf etish ishlari amalga oshiriladi.

Hududgazta’minot raisi Ma’rufxon Xo‘jayevning aytishicha, gaz ta’minoti sohasida suyultirilgan gazni Andijon tajribasi asosida bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkazish, gaz tafovutlari va debitor qarzdorlikni qisqartirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, xodimlarni qayta o‘qitish, sohani raqamlashtirish va mas’uliyatni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Uning qayd etishicha, sohaning eng muhim vazifasi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik hisoblanadi. Dastur doirasida gaz tarmoqlari yangilanadi, ma’nan eskirgan gaz taqsimlash punktlari zamonaviy uskunalarga almashtiriladi hamda aholi va tadbirkorlarni gaz bilan barqaror ta’minlash choralari ko‘riladi.

O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari raisi Abdumalik Nazirov magistral elektr tarmoqlarida energiya yo‘qotishlari va avariyaviy o‘chishlarni keskin kamaytirish vazifasi qo‘yilganini bildirdi. Bundan tashqari, quyi bo‘g‘indagi xodimlar faoliyatini raqamlashtirish hamda kamida 10 ta ko‘rsatkich asosida KPI tizimini joriy etish topshirildi.

Nazirovning ta’kidlashicha, prezident joylarda aholi va tadbirkorlar amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini amalda his qilishi kerakligini qayd etdi. Shuningdek, elektr tarmoqlari hududlardagi iste’mol o‘sishiga mos ravishda rivojlantirilmagani tanqid qilinib, Yangiyo‘l tumani misolida iste’mol ikki baravar oshganiga qaramay infratuzilma yetarlicha kengaytirilmagani ko‘rsatib o‘tildi. Endilikda barcha hududlarda elektr tarmoqlarini iste’mol balansi asosida rivojlantirish vazifasi belgilandi.

O‘zenergoinspeksiyaning yangi boshlig‘i Axad Isoqjonovning aytishicha, inspeksiyaga energiya resurslarini ishlab chiqarishdan yakuniy iste’molchigacha bo‘lgan butun zanjir ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish, noqonuniy foydalanishga qarshi murosasiz kurashish va texnologik yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

“Bu vazifalarni jamoamiz bilan birgalikda, aynan prezidentimiz belgilab bergan mahalla darajasiga tushib, har bir transformator, har bir gaz taqsimlash punktlarini joyida o‘rganib, kuz-qishga tayyorgarligi, barqaror ishlashi bo‘yicha to‘liq hamkorlikda ishlarni tashkil qilamiz”, — dedi u.

hududiy elektr tarmoqlari, hududgazta'minot, elektr energiyasi, het

Bundan tashqari, tabiiy gazni ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va realizatsiya qilish jarayonlarini qattiq nazoratga olish, energiya samaradorligini oshirish hamda tadbirkorlar uchun ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish vazifalari yuklatildi.

Isoqjonovning so‘zlariga ko‘ra, inspeksiya faoliyatida natijaga yo‘naltirilgan yangi KPI ko‘rsatkichlari joriy etiladi. Shuningdek, sun’iy intellekt va raqamli tahlillar asosida inson omilini kamaytirish, nazorat jarayonlarini avtomatlashtirish va energiya resurslari hisobini yanada shaffof yuritish rejalashtirilgan.

Avvalroq Spot energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etish tezlashtirilishi haqida yozgan edi.