Markaziy bank 2026-yilning ikkinchi choragi yakunlari bo‘yicha banklar faoliyatiga oid murojaatlar tahlili va murojaatlar indeksini e‘lon qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Hisobot davrida Markaziy bankka to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamda boshqa davlat organlari orqali banklar faoliyati yuzasidan jami 11 331 ta murojaat kelib tushgan.
Antireytingda AVO Bank 4,42 indeks bilan birinchi o‘rinni egalladi. Undan keyingi o‘rinlarda Biznesni rivojlantirish banki (2,78), Mikrokreditbank (2,69), TBC Bank (2,63) va Anor Bank (1,84) joylashdi. Shuningdek, Top-10 ro‘yxatidan InfinBank va Turonbank (har biri 1,46), Asakabank (1,28), Ipoteka-bank (1,09) hamda Kapitalbank (1,07) ham o‘rin oldi.
Birinchi chorak bilan taqqoslaganda, Top-10 ro‘yxati o‘zgardi. Undan Davr Bank (1,85), Tenge Bank (1,72) va Agrobank (1,22) chiqib ketgan bo‘lsa, ularning o‘rnini InfinBank, Ipoteka-bank va Kapitalbank egalladi.
Shu bilan birga, AVO Bankning murojaatlar indeksi eng keskin o‘zgarib, 2,16 dan 4,42 gacha — ikki baravardan ko‘proqqa oshdi. Aksincha, Anor Bankda ko‘rsatkich 3,29 dan 1,84 gacha pasaydi. Biznesni rivojlantirish bankida indeks 3,34 dan 2,78 gacha, Mikrokreditbankda esa 3,23 dan 2,69 gacha kamaygan. TBC Bankda esa aksincha, ko‘rsatkich 2,06 dan 2,63 gacha oshgan.
Markaziy bankning qayd etishicha, mijozlar soniga nisbatan murojaatlar ulushining yuqoriligi ayrim banklarda mijozlarga bank mahsulotlari va xizmatlari bo‘yicha yetarli tushuntirish berish hamda murojaatlarga o‘z vaqtida va sifatli javob taqdim etish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Takroriy murojaatlarga sabab bo‘layotgan tizimli kamchiliklarni bartaraf etish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati va ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish lozimligi ta‘kidlandi.
Shu munosabat bilan regulyator banklarga murojaatlar sabablarini chuqur tahlil qilish, ularni ko‘rib chiqish jarayonlarini takomillashtirish va mijozlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan choralarni kuchaytirishni tavsiya etdi.
Ta‘kidlanishicha, mazkur indeks banklarning moliyaviy barqarorligi yoki ishonchliligini baholamaydi. U faqat faol mijozlar soniga nisbatan kelib tushgan murojaatlar ulushini aks ettiradi.
Shuningdek, hisobot choragida 100 tadan kam murojaat kelib tushgan banklar bo‘yicha indeks hisoblanmaydi.

Metodologiya
Markaziy bankning ma‘lum qilishicha, indeks bank ulushiga to‘g‘ri keladigan murojaatlar ulushi va uning mijozlari ulushi nisbatidan kelib chiqib hisoblanadi.
Masalan, agar bank mamlakatdagi barcha mijozlarning 5% iga xizmat ko‘rsatsa, ammo unga barcha murojaatlarning 10%i to‘g‘ri kelsa, uning indeksi 2 ga teng bo‘ladi. Demak, indeks qanchalik yuqori bo‘lsa, bank mijozlar murojaatlari bilan shunchalik yomon ishlaydi, ya‘ni uning bozor ulushiga nisbatan nomutanosib darajada ko‘p murojaat kelib tushadi.
Hisob-kitoblarda Markaziy bankka jismoniy shaxslardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki boshqa davlat organlari orqali yuborilgan barcha murojaatlar inobatga olinadi. Mazkur hisobotda 2026-yilning ikkinchi choragi davomida kelib tushgan murojaatlar tahlil qilingan.
Bankning mijozlar bazasi hisobot davrining oxirgi kunidagi holat bo‘yicha shakllantiriladi. Unga jamg‘arma, muddatli va talab qilib olinguncha hisobvaraqlarga ega jismoniy shaxslar, shuningdek, amaldagi hisobvaraqqa ega yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar kiritiladi.
Iyun oyida Markaziy bank birinchi chorak yakunlariga ko‘ra murojaatlar indeksi eng yuqori bo‘lgan banklarni e‘lon qilgandi. Unda murojaatlar indeksi yuqori bo‘lgan banklar uchligidan Biznesni rivojlantirish banki, Anor Bank va Mikrokreditbank joy olgan edi.
Spot, avvalroq, banklar mijozlar murojaatlarining sabablarini ham bartaraf etishi shartligi haqida yozgandi.