Avvalroq Spot Oliy Majlis Qonunchilik palatasi shaharsozlik sohasida nazoratni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilgani haqida yozgan edi. Qurilishdagi qo‘pol qoidabuzarliklar uchun har bir kvadrat metr uchun 2,2 mln so‘mdan undirish taklif etildi.

Majlisda deputat Zuhriddin Mavlonov loyihada nazarda tutilayotgan moliyaviy sanksiyalar yuzasidan e’tirozlarini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasida shaharsozlik qoidalarini buzganlik uchun birinchi holatda BHMning 70 baravari, takroran buzilganda 150 baravari miqdorida jarima belgilangan.

Yangi loyihada esa Shaharsozlik kodeksiga yuridik shaxslar uchun moliyaviy sanksiyalar kiritilmoqda. Mavlonovning aytishicha, eng kam miqdor 500 kvadrat metr uchun BHMning besh baravaridan hisoblanganda, sanksiya 1,1 mlrd so‘mgacha yetishi mumkin. Deputat bunday yondashuv Konstitutsiyadagi mutanosiblik prinsipiga zid bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

Shuningdek, u moliyaviy sanksiyalarni sud qarorisiz soliq organlari orqali inkasso tartibida undirish hamda undirilgan mablag‘larni taqsimlash mexanizmini ham savol ostiga oldi. Loyihada mablag‘larning 60%i Urbanizatsiya va uy-joy bozori milliy qo‘mitasida, 10%i Qurilish inspeksiyasida, yana 10%i boshqa organlarda qolishi, mahalliy budjetga esa atigi 10% yo‘naltirilishi taklif etilmoqda.

Mavlonov noqonuniy qurilishlarning oldini olish maqsad qilingan bo‘lsa, amaldagi ma’muriy javobgarlik choralarini kuchaytirish mumkinligini, jarimalardan tushadigan mablag‘larni esa to‘liq mahalliy budjetlarga yo‘naltirish masalasini ko‘rib chiqish kerakligini aytdi.

Milliy qo‘mita bosh mutaxassisi Fazliddin Hakimboyev esa amaldagi ma’muriy jarimalar jismoniy shaxslarga, yangi moliyaviy sanksiyalar esa yuridik shaxslar — tadbirkorlik subyektlariga nisbatan qo‘llanishini tushuntirdi.

Uning aytishicha, sanksiya qo‘llangandan keyin ham fuqarolar va tadbirkorlarning sud orqali o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilish imkoniyati saqlanib qoladi. Mablag‘larni taqsimlash masalasi esa qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida qayta ko‘rib chiqilishi bildirildi.

Milliy tiklanish partiyasi raisi Alisher Qodirov ham deputatlar tomonidan bildirilgan e’tirozlarni o‘rinli deb atadi. Uning aytishicha, partiya fraksiyasi qonun loyihasini ikki marotaba muhokama qilgan va jarimalarning oshirilishi bo‘yicha keskin bahslar bo‘lgan. Biroq, partiya tadbirkorlarga qulay bo‘lgan sharoitni buzayotgan bu jarimalar haqida ijobiy fikrga ega emas.

“Bugungi fraksiyamizda shunday xulosaga keldik-ki, shaharning xohlagan joyida noqonuniy qurilish va istalganicha qurib qo‘yish, 3 qavat uchun ruxsat olib, 12 qavatli qilib qurish kabi masalalar bugun juda katta xavfga aylanibdi”, — dedi Qodirov.

Deputat bu sohada katta mablag‘lar aylanayotgani va korrupsiya xavfi mavjudligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim qurilish obyektlarida bitta podezdning daromadlilik darajasi $10 mlngacha bo‘lishi mumkin. Uning fikricha, mavjud qonunchilikning samarasizligi sabablaridan biri ham sohadagi korrupsiyaviy holatlar bilan bog‘liq, bu esa fuqarolarga xavf solmoqda. Deputat Kolumbiya, Venesuela va Turkiyada yuz bergan zilzilalar oqibatida katta binolar qulab tushganini eslatib, tadbirkorning daromad olishi aholi xavfsizligidan ustun bo‘lmasligi kerakligini aytdi.

Qodirovning ta’kidlashicha, noqonuniy qurilish amalga oshirilgan taqdirda, kvadrat metriga nisbatan belgilanadigan jazo chorasi quruvchini bunday ishning boshidanoq iqtisodiy jihatdan zararli ekanini hisobga olishga undashi kerak.

“Har qanday tadbirkor, har qanday daromad, mamlakatimizning iqtisodiy daromadlari haqida albatta qayg‘urishimiz kerak. Lekin birinchi masalamiz — xalqimizning xavfsizligi va xalqimizning turmush sharoitini ko‘tarish, ularni shu kabi tabiiy muammolardan asrash bo‘lishi kerak […] Aholi hayotini xavf ostiga qo‘yadigan har qanday tadbirkor bu mamlakatda daromad olish tugul, yashashdan xavfsirashi kerak”, — dedi u.

Qodirov qonun loyihasi konsepsiyasini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Qonun loyihasini 88 nafar deputat qo‘llab-quvvatladi, 15 nafari qarshi ovoz berdi. Yana 7 nafar deputat betaraf qoldi, 8nafari ovoz berishda ishtirok etmadi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda sanoat zonalaridagi 4 mingta noqonuniy obyektga amnistiya berilishi haqida yozgandi.