13-avgust kuni prezident tomonidan imzolangan qonun (O‘RQ-1164-son) bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Oila kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, bolaga otasining ismi, shuningdek ota yoki onaning xohishiga ko‘ra bobosining ismi bo‘yicha familiya berish mumkin bo‘ladi. Ilgari kodeksda otaning ismini familiya sifatida berish nazarda tutilmagan edi.
Ushbu qonun loyihasi 8-avgust kuni Senat tomonidan ma’qullangandi. Senator Odiljon Mamatkarimovning ta’kidlashicha, bolaning familiyasi ota-onaning familiyasiga qarab berilishi aayrim fuqarolar e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
“Masalan, bolalar uyida ulg‘aygan otalar yoki otalik huquqidan mahrum qilingan shaxslarning farzandlari o‘z bolalariga otalik huquqidan mahrum qilingan ota ismini familiya sifatida berishni xohlamaydilar”, — dedi u.
Shuningdek, “Arxiv ishi to‘g‘risida"gi qonunga elektron va nodavlat arxivlar faoliyatiga oid yangi normalar kiritildi.
Elektron arxivlarning o‘ziga xos talablari quyidagilardan iborat:
- elektron arxiv tizimining apparat-dasturiy ta’minoti mavjudligi;
- elektron arxiv fondlari va hujjatlarini yaratish uchun zarur vositalarning, shu jumladan raqamlashtirish qurilmalari va dasturlarining mavjudligi;
- elektron arxiv hujjatlarini qidirish, boshqarish va ularga ishlov berish imkoniyatining mavjudligi;
- elektron shakldagi arxiv hujjatining asl arxiv hujjati bilan bir xilligini ta’minlash;
- elektron arxiv tizimining axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etish.
Qonun bilan nodavlat arxivlarni tashkil etish tartibi ham belgilandi. Ular davlat mulki bo‘lmagan arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanishni amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, Adliya vazirligining arxiv ishi sohasidagi vakolatlari aniq belgilandi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda rieltorlik faoliyatining yangi tartibi belgilangani haqida yozgan edi.