Soliq qo‘mitasi avval qaytarilgan QQSning bir qismini biznesdan talab qilib, undira boshladi. Bu haqda Spot‘ga poytaxtdagi umumiy ovqatlanish sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlardan biri ma‘lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qayta hisob-kitobdan so‘ng, avval davlat tizimi avtomatik ravishda hisoblab, kompaniyalarga o‘tkazib bergan summalar ortiqcha qaytarilgan deb topilib, soliq qarzi sifatida undirila boshlagan.
Suhbatdoshning ta‘kidlashicha, muammo umumiy ovqatlanish va turizm sohasidagi bir qator yirik kompaniyalarga ta‘sir ko‘rsatib, tizimli tus olgan. Shu bilan birga, QQSni qaytarish dastlab Soliq qo‘mitasi tizimining o‘zi tomonidan avtomatik ravishda hisoblangan — bunda biznes ishtirok etmagan.
Gap hukumatning 2024-yil 7-noyabrdagi qarori bilan joriy etilgan, to‘langan QQSning bir qismini qaytarish mexanizmi haqida ketmoqda. Umumiy ovqatlanish korxonalari uchun qaytariladigan summa naqd pulsiz to‘lovlarning ulushiga bog‘liq edi: agar ushbu ulush 60% va undan ortiqni tashkil etsa, to‘langan QQSning 40%i, kamroq bo‘lsa — 20%i qaytarilgan.
Qaytarishni rasmiylashtirish jarayonida tizim summani avtomatik hisoblab, tadbirkorga o‘tkazib bergan. Spot suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, o‘sha paytda ariza shaklida korxonaning barqarorlik reytingini ko‘rsatish uchun alohida maydon bo‘lmagan.
Shu bilan birga, prezidentning 2024-yil 24-maydagi qarorida subsidiyalar, soliq va bojxona imtiyozlari hamda boshqa qo‘llab-quvvatlash choralari biznesga barqarorlik reytingini hisobga olgan holda taqdim etilishi belgilangan. AAA reytingiga ega korxonalar uchun qo‘llab-quvvatlash chorasi miqdori amaldagi hajmning 100% ini, AA uchun — 90%, A uchun — 80%, BBB uchun — 70%, BB uchun — 60%, B uchun esa 50% ni tashkil etadi.
Keyinchalik soliq organlari biznesning barqarorlik reytingini inobatga olib, avvalroq amalga oshirilgan to‘lovlarni qayta hisoblay boshladi. Tadbirkorlarga olingan mablag‘larning bir qismini qaytarish zarurligi to‘g‘risida xabarnomalar yuborila boshlandi.
Spot suhbatdoshining qayd etishicha, bunda tadbirkorlar qayta hisoblashda aynan qaysi reyting qo‘llanganini mustaqil ravishda tekshira olmagan. Barqarorlik reytingi dinamik ko‘rsatkich bo‘lib, har kuni o‘zgarib turadi, shaxsiy kabinetda esa faqat joriy toifa aks etadi, reytingning o‘tgan davrlardagi qiymatlari esa mavjud emas.
Shunday qilib, biznes shunday vaziyatga tushib qoldiki, dastlab qaytariladigan summani davlat axborot tizimining o‘zi belgiladi, so‘ngra soliq organlari allaqachon amalga oshirilgan to‘lovlarni qayta ko‘rib chiqib, mablag‘larning bir qismini qaytarishni talab qildi.
Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, ayrim hollarda soliq organlari rasman bildirilgan e‘tirozlar va nizoni ko‘rib chiqish yakunlanmaganiga qaramay, bahsli summalarni kompaniyalarning hisobvaraqlaridan majburan yechib olishgacha borgan. Vaholanki, tadbirkorlar avtomatlashtirilgan tizim xatosi oqibatlarini o‘z zimmalariga olishni asossiz deb hisoblamoqda, chunki ular qaytariladigan summa miqdorini belgilamagan va yolg‘on ma‘lumotlar taqdim etmagan.
O‘tgan hafta iqtisodchi Yuliy Yusupov ushbu vaziyatga e‘tibor qaratdi. Uning ta‘kidlashicha, hukumatning QQSning bir qismini qaytarishni tartibga soluvchi qarorida dastlab barqarorlik reytingini hisobga olish talabi ko‘rsatilmagan edi. Uning baholashicha, keyinchalik soliq organlari qaytarishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chorasi sifatida ko‘ra boshlagan va unga barqarorlik reytingini hisobga oluvchi imtiyozlar hamda qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risidagi normalarni qo‘llagan.
Yusupov, shuningdek, qaytariladigan summani tadbirkor emas, balki Soliq qo‘mitasining o‘zi hisoblaganiga e‘tibor qaratdi.
“Keshbek miqdorini kompaniya emas, Soliq qo‘mitasining o‘zi hisoblagan. Unda kompaniyaga e‘tiroz nimadan iborat?” — deb yozdi iqtisodchi.
Soliq qo‘mitasi avvalroq Samarqand viloyatida QQSni qaytarish bilan bog‘liq shunga o‘xshash vaziyatga izoh bergan edi. Idora amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda QQS keshbeki atamasi qo‘llanilmasligini ma‘lum qildi.
Idora talqiniga ko‘ra, to‘langan QQSning bir qismini qaytarish qo‘llab-quvvatlash chorasi hisoblanadi, davlat imtiyozlari va qo‘llab-quvvatlash choralari esa tadbirkorlik subyektining barqarorlik reytingini hisobga olgan holda taqdim etiladi.
Idora, shuningdek, vaqtinchalik nizomning 16-bandiga havola keltirdi, unga muvofiq, qonunchilik talablari buzilgan holda yoki ortiqcha miqdorda qaytarilgan mablag‘lar budjetga qaytarilishi lozim. Shu munosabat bilan, Soliq qo‘mitasining ma‘lum qilishicha, qayta hisob-kitoblar o‘tkazilgan va ortiqcha mablag‘ qaytarilgani aniqlangan tadbirkorlarga tegishli xabarnomalar yuborilgan.
Biroq, biznes o‘tgan davr uchun reyting qo‘llanishi noaniqlikni yuzaga keltirmoqda, deb hisoblaydi. Spot suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, biznes qaytarishni dastlabki hisoblashda qaysi reyting toifasi qo‘llanilganini va endi qaytarilishi talab qilinayotgan summa qanday hisoblanganini aniqlash imkoniyatiga ega bo‘lmayapti.
Spot avval qaytarilgan mablag‘larni qayta hisoblash va undirish holati bo‘yicha qo‘shimcha izoh so‘rab, Soliq qo‘mitasiga murojaat qildi. Material e‘lon qilingan vaqtda tahririyat javob olmagandi.
Shu bilan birga, umumiy ovqatlanish korxonalari uchun QQSni qaytarish tartibini soddalashtirish rejalashtirilgandi. May oyi boshida Soliq qo‘mitasining Soliqqa tortish metodologiyasi departamenti direktori Aziz Umurzoqov endilikda har qanday umumiy ovqatlanish korxonasi naqd va naqdsiz tushum ulushidan qat‘i nazar, to‘langan QQSning 40% ini qaytarib olishini ma‘lum qilgan.
Spot, avvalroq, Soliq qo‘mitasi xarid cheklarining soddalashtirilgan shaklini joriy etgani haqida yozgandi.