Avvalroq prezident Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.
Unda auksionda yer sotib olgan tadbirkor qurilishni boshlash uchun 6 oydan 1 yilgacha hujjat yig‘ib yurishiga barham berilishi ma’lum qilindi. Endi hokimlar yerni qurilish ruxsati, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i va loyihasi bilan “tayyor paket” shaklida savdoga chiqaradi.
Bunday yerni olgan tadbirkor qurilishni darhol boshlashi mumkin bo‘ladi. Infratuzilma yig‘imi bo‘yicha avans ham 20% dan 5% ga tushiriladi.
Banklar balansidagi 9 trln so‘mlik 2,5 mingta mulkni chegirmali narxda, boshlang‘ich to‘lovsiz va foizsiz bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishga ruxsat beriladi. Uni sotib olgan tadbirkor bir yil yer va mulk solig‘ini to‘lamaydi.
Birinchi navbatda mahalliylashtiriladigan 50 ta mahsulot ro‘yxati shakllantirildi. Ularni o‘zlashtirish uchun Navoiy, Jizzax, Namangan, Urgut va Hazorasp maxsus iqtisodiy zonalarining bir qismida Bond sanoat zonalari tashkil etiladi.
Bu zonalarga xomashyo va butlovchi qismlarni olib kirishda barcha soliq va bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi. Mahalliylashtirish darajasi 30−40% dan oshsa, mahsulotni ichki bozorga chiqarishda ham imtiyozli shartlar qo‘llanadi.
Bond sanoat zonalari’da zamonaviy R&D markazlari, laboratoriya, muhandislik va texnologik xizmatlar yagona zanjirda ishlaydi. Tadbirkorlarga infratuzilmali tayyor binolar taqdim etish uchun $50 mln ajratiladi.
Avvalroq Spot Yangihayotda aylanmasi $10 mlrdlik sanoat klasteri tashkil etilishi rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.