Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilgani haqida yozgan edi.
Sanoat o‘sishi bilan energiyaga talab ham ortib borayotgani, viloyatdan o‘tgan daryo va kanallar bu borada katta zaxira ekani ta‘kidlandi.
Andijonning gidroenergetika salohiyati 200 megavattni tashkil etadi. Bu yiliga 500 mln kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi.
Hozirning o‘zida umumiy quvvati 44 megavatt bo‘lgan kichik va mikro GESlar qurishga 400 nafar talabgor bor. GES turbinalarini ishlab chiqarish ham viloyatning o‘zida yo‘lga qo‘yilgan.
Ikki yillik dastur asosida mikro GESlarni tayyor holda qurib, tadbirkorlarga lizingga berishni boshlash, qulay moliyaviy mexanizmlarni joriy etish topshirildi. Betonlashtirilishi rejalashtirilgan 81 kilometr kanallarda GESlar kaskadini qurish ko‘zda tutiladi.
Aholi daromadlari bilan birga zamonaviy xizmatlarga talab ham ortib borayotgani qayd etildi.
Andijondagi davlat tashkilotlarini Bobur shahriga ko‘chirish hisobiga bo‘shaydigan bino va maydonlar savdo hamda xizmatlar sohasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
30 ta ma‘muriy binoni ko‘chirish orqali biznes uchun 13 gektar yer va 70 ming kvadrat metr joy bo‘shaydi. Buning hisobiga qo‘shimcha $1 mlrd investitsiya jalb qilish va kamida 20 ming ish o‘rni yaratish imkoniyati bor.
Asaka, Shahrixon, Qo‘rg‘ontepa markazlari va Xonobod shahrini ham yuqori daromadli biznes hududlariga aylantirish vazifasi qo‘yildi. Ularning bosh rejalari savdo va xizmatlarda kamida 20 ming ish o‘rni yaratadigan loyihalarga moslashtiriladi.
Spot avvalroq Andijonda Huawei kompaniyasi bilan hamkorlikda “aqlli” suv hisoblagichlar ishlab chiqarish boshlangani haqida yozgandi.