Hukumat qarori bilan Toshkentda qonunchilik buzilgani uchun ushlangan transport vositalarini vaqtincha saqlash joylariga olib borish, joylashtirish va saqlash tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, vakolatli davlat organi transportni jarima maydonchasiga joylashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilganda, tegishli davlat organlari va xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarga Jarima maydonchasi moduli orqali xabar yuboriladi.

Transportni boshqarishdan chetlashtirish nazarda tutilgan huquqbuzarliklarda transport vositasi jarima maydonchasiga faqat maxsus texnika — evakuator yoki manipulyator yordamida olib boriladi.

Transportni ushlab turish sabablari bartaraf etilgach, uni jarima maydonchasidan olib chiqishga modul orqali ruxsat beriladi.

Ruxsatnoma ma‘muriy ishni ko‘rib chiquvchi organ mansabdor shaxsi tomonidan elektron shaklda rasmiylashtirilib, QR-kod bilan tasdiqlanadi.

U bir ish kuni ichida haydovchi va saqlash xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxsga yuboriladi. Shuningdek, haydovchining telefon raqamiga SMS-xabar jo‘natiladi.

Modul orqali rasmiylashtirilmagan ruxsatnoma asosida transport vositasini jarima maydonchasidan chiqarish taqiqlanadi.

Iyul oyida qabul qilingan hukumat qarori bilan 1-avgustdan boshlab jarima maydonchasidan transport vositasini olib chiqishga ruxsat faqat Jarima maydonchasi axborot tizimi orqali QR-kod bilan elektron shaklda berilishi belgilangandi.

Avgust oyida Toshkentda avtomobillarni evakuatsiya qilish va saqlashning yagona tariflari belgilangan edi. Avtomobilni saqlash har sutka uchun BHMning 20% ini tashkil etadi, bu evakuatsiya qilishda har bir km ga ham hisoblanadi. Umumiy evakuatsiya narxi esa 4 BHMdan oshmaydi.

Avvalroq Spot Toshkentda bir kunda 1,46 mln transport vositasi harakatlangani haqida yozgandi.