9-oktabr kuni davlat tibbiyot muassasalari xodimlariga uy-joy subsidiyasi ajratish bo‘yicha ilk tanlov o‘tkaziladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Hukumat qarori bilan davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga uy-joy sotib olish uchun dastlabki badalning 25% ini qoplab berish tartibi tasdiqlangan.

Unga ko‘ra, talabgorlar ipoteka krediti asosida birlamchi bozordan uy yoki kvartira sotib olish uchun ariza topshirishi mumkin.

Har chorak yakunida belgilangan talablarga javob bergan arizalar alohida reyestrga kiritilib, ular orasidan 125 nafar g‘olib avtomatik tasodifiy tanlov orqali aniqlanadi.

2026-yilning uchinchi choragi yakunlari bo‘yicha jami 4728 ta ariza kelib tushgan. Ulardan 1657 tasi belgilangan talablarga muvofiq deb topilib, tanlovga kiritilgan.

Ilk tanlov 9-oktabr kuni soat 10:00 da ins-subsidiya.imv.uz sayti orqali o‘tkaziladi. Jarayon Sog‘liqni saqlash vazirligining Facebook, Instagram va Telegram‘dagi rasmiy sahifalarida jonli efirda namoyish etiladi.

Tanlov natijalari arizalarning ID raqamlari bo‘yicha e‘lon qilinadi. Arizachilar ariza holatini Yagona portaldagi shaxsiy kabinet orqali ham kuzatib borishi mumkin.

Iyun oyida qabul qilingan hukumat qarori bilan davlat shifoxonalarida 15 yil stajga ega tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga ipoteka subsidiyasini ajratish tartibi tasdiqlangandi.


Spot avvalroq agrar sohada subsidiyalar ajratishni natijaga bog‘lash rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.