O‘zbekistondagi avtomobil yo‘llarida mobil radarlar borligi haqida oldindan ogohlantirish talabi bekor qilindi. Hukumatning 29-oktabrdagi qarori bilan mobil radarlar mavjudligini maxsus belgilar orqali ko‘rsatish majburiyati olib tashlandi.
2025-yil 15-maydagi 318-son qarorning 9-bandida 2025-yil 1-sentabrdan boshlab tezlikni nazorat qiluvchi barcha statsionar va mobil radarlar joylashgan hududda, radar oldidan 250−500 metr masofada “Radar” belgisi o‘rnatilishi majburiy etib belgilangan edi.
Endilikda ushbu talab faqat statsionar radarlargagina qo‘llaniladi. Yangi qaror bilan mobil radarlar borligi majburiy ogohlantirilishi haqidagi talab olib tashlandi.
Avvalroq mazkur qaror bilan endi YPX inspektorlari chorraha va qayrilib olish joylari yaqinida yo‘l chizig‘ini bosganlik uchun haydovchilarga ma’muriy bayonnoma tuzishning bekor qilinishi haqida xabar berilgandi.
Unga ko‘ra, 1-noyabrdan boshlab chorrahagacha 50 metr, qayrilib olish joylarigacha 20 metr masofada 1.1 (bir yaxlit) va 1.3 (ikkita yaxlit) yo‘l yotiq chiziqlarini bosib harakatlanish uchun yo‘l-patrul xizmati inspektorlari tomonidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilmaydi.
Biroq qarama-qarshi yo‘nalishdagi transport oqimlarini ajratib turuvchi 1.1 va 1.3 chiziqlarini bosib o‘tish holatlari bundan mustasno. Bunday holatlarda inspektorlar qoidabuzarlikni rasmiylashtirishi mumkin.
Shuningdek, hukumat qarori bilan xususiy radarlar xavfsizlik kamarini taqmagan haydovchilarni ham qayd etishi mumkin bo‘ldi. Buning uchun fotosuratlar yuqori sifatli bo‘lib, ularda haydovchining yuzi va xavfsizlik kamarini taqqan yoki taqmagani aniq aks etishi shart.
Avvalroq Spot profilaktika inspektorlari mahallalarda yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima solishi mumkin bo‘lishi haqida yozgandi.