Yanvar oyida Rossiyada xorijiy turizm xizmatlari narxi bir oy oldingiga nisbatan 3,1%ga oshgan, deya xabar bermoqda “TASS” nashri Rosstat ma’lumotlariga tayanib.

Bu ko‘rsatkich 2022-yilning shu davriga nisbatan 68,7% ga oshgan.

Xorijiy turizm xizmatlari orasida eng yuqori o‘sish Misrga to‘g‘ri keladi. O‘tgan oyda mamlakatga turizm xizmatlari narxi 11%ga oshgan. Unda keyingi o‘rinda 4,9% bilan BAA turibdi.

Qayd etilishicha, Vetnam, Indoneziya, Malayziya va Tailandga ta’til sayohatlari narxi o‘tgan bir oy davomida 3,5%ga, Abxaziya, Ozarbayjon, Armaniston va Gruziyaga — 2,8%ga oshgan.

O‘zbekiston va Qozog‘istonga esa turizm xizmatlari narxi mos ravishda 1,8%ga o‘sgan.

Shuningdek,Turkiyaga sayohatlar narxi 1% ga oshgan bo‘lsa, Belorus uchun mazkur ko‘rsatkich 0,3% ga tushgan.

Mamlakatda ichki turizm va dam olish xizmatlari orasida Qora dengiz sohillari va Qrimga dam olish sayohatlari narxi — 5,5%ga oshgan.

2022-yilning iyun oyida Oʻzbekiston Rossiya fuqarolari orasida “Visa” yoki “Mastercard” bank kartalariga ariza topshirish istagida boʻlgan eng mashhur davlatga aylangandi. O‘tgan yilning o‘n oyida Oʻzbekistonga 395 ming rossiyalik sayohat maqsadida kelgani ma’lum qilingandi.

Yil yakuniga borib, Rossiya o‘zbekistonliklarning xalqaro sayohat yo‘nalishlarida yetakchi bo‘ldi.