Prezident qarori bilan, Toshkentdagi iste’molchilarning energiya resurslariga o‘sib borayotgan talabini ta’minlash maqsadida vazifalar belgilandi.

Hujjatda Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanida ikkita yangi quyosh fotoelektr stansiyasini qurish hisobiga ishlab chiqarish hajmini oshirish rejalashtirilgan. Ularning umumiy quvvati 1100 MVtni tashkil qiladi.

Xususan, 400 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyalaridan biri Saudiyaning “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan qurilmoqda. Avvalroq bu bo‘yicha tegishli shartnoma imzolanib,loyihani amalga oshirish belgilangandi.

Undan keyingi 700 MVt quvvatga ega ikkinchi elektr stansiyasi “China Gezhouba Group” ishtirokida quriladi.

Har ikki loyihaning birinchi bosqichlarini joriy yil oxirigacha ishga tushirish rejalashtirilgan. Stansiyalarning har biri 100 MVt ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi.

Yunusobod, Shayxontohur, Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod va Yangihayot tumanlarida umumiy quvvati 664 MVA bo‘lgan 5 ta 110 kV kuchlanishli podstansiya hamda 49,6 km uzunlikdagi 35 kV va 110 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari quriladi.

Bundan tashqari, Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Olmazor va Mirobod tumanlaridagi 4 ta podstansiyani rekonstruksiya qilish orqali ularning o‘tkazish quvvati 179 MVA ga oshiriladi.

Jismonan eskirgan 7,5 km uzunlikdagi 35 kV va 41,7 km uzunlikdagi 110 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari yangi kabel va simlarga almashtiriladi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” va “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari"ga tegishli elektr tarmoqlarini “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari"ga balans qiymatida berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Bunda obyektlar barcha elektr qurilmalari, mol-mulklar, ularning texnik hujjatlari, shuningdek, boshqa muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalari bilan birga “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari"ning ustav kapitalidagi davlat ulushini oshirish (kamaytirish) hisobiga o‘tkaziladi hamda soliq hisoblanmaydi.

Joriy yilda past kuchlanishli transformator punktlari va kabel mahsulotlarini xarid qilish uchun Toshkent shahar hokimligi tomonidan “O‘zmilliybank"dan 220 mlrd so‘m miqdorida kredit mablag‘lari jalb qilinadi va “Hududiy elektr tarmoqlari” uchun belgilangan tartibda ochiladigan maxsus hisobvaraqqa o‘tkazib beriladi.

Toshkent shahri hokimligi tomonidan jalb qilingan kredit mablag‘lari 2024-yildan “Hududiy elektr tarmoqlari” tomonidan tegishli tarmoq jadvaliga muvofiq to‘lab beriladi.

Loyihalashtirish, ekspertiza va qurilish-montaj ishlari “Hududiy elektr tarmoqlari” tomonidan xo‘jalik usulida amalga oshiriladi.

“Hududiy elektr tarmoqlari”, “Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi”, “O‘zenergoinjiniring” va korxonalarga tanlov va tender savdolarini o‘tkazmasdan yaxshi takliflarni tanlash orqali mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar va yordamchi pudratchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzishga ruxsat beriladi.

Bunda mazkur shartnomalar Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” tomonidan hujjatlar taqdim etilgan sanadan 10 kun muddatda ekspertizadan o‘tkaziladi.

Qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan temir-beton mahsulotlari hamda qo‘shimcha qurilmalar Loyihada belgilangan korxonalar tomonidan xarid qilinadi.

Shahar va yirik aholi punktlarida 35/0,4 kV kuchlanishli transformatorlardan foydalanish kengaytiriladi.

Tarmoqlarni 10 kV va 35 kV kuchlanishga o‘tkazish orqali 6 kV kuchlanishli elektr tarmoqlarini bosqichma-bosqich ekspluatatsiyadan chiqarish hamda 0,4 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarining uzunligi qisqartiriladi.

Shuningdek, shahar va yirik aholi punktlarida 35 kV va 110 kV kuchlanishli yangidan quriladigan podstansiyalar yopiq turga o‘tkaziladi.


Avvalroq O‘zbekistonda quyosh fotoelektr stansiyalarini sotib olish, o‘rnatish va kafolatlangan texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tanlovga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.

Loyihaning umumiy quvvati 219,4 MVtni tashkil etib, jami 6 ta lotga bo‘lingan. Tanlov O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjasining axborot portalida amalga oshiriladi.