Rossiyaning “Red Wings” aviakompaniyasi Samarqanddan Qozonga parvozlarni boshlaydi. Bu haqda “Travel.ru” portali xabar berdi.

Qozon-Samarqand-Qozon yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam qatnovlar Rossiyaning SSJ100 samolyotlarida haftada bir marta — dushanba kuni amalga oshiriladi.

Birinchi reysning ishga tushirilishi 30-oktabrga belgilangan. Parvoz jadvali (mahalliy vaqt) quyidagicha:

  • Qozondan jo‘nab ketish — 21:45, Samarqandga yetib kelish — 3:00 (ertasi kunga o‘tish bilan);
  • Samarqanddan jo‘nash 4:00, Qozonga yetib kelish 5:30.

Nashr qilingan vaqtda bagaj bilan bir tomonlama chipta narxi 16,3 ming rubldan (Rossiya banki kursi bo‘yicha $167,5), qaytish chiptasi esa 15,4 ming rubldan ($158,3) boshlanadi.

Avvalroq mazkur aviakompaniya Chelyabinskdan O‘zbekistonga muntazam parvozlarni amalga oshirishga ruxsat olgandi.

Red Wings” aviakompaniyasi — Rossiyaning eng yirik o‘nta aviakompaniyalaridan biri bo‘lib, doimiy va charter reyslarda yo‘lovchi tashishga ixtisoslashgan.

2021-yilning oktabrida kompaniyaning Yekaterinburgdan Samarqand, Buxoro va Navoiyga parvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Noyabrdan kompaniyaning Rostovdan Toshkentga parvozlarni amalga oshirishi ma’lum qilindi.

O‘sha yilning dekabriga kelib, aviakompaniya Maxachqal’adan Navoiyga, 2022-yilning fevral oyida Yekaterinburgdan Urganch hamda Samarqandga parvozlarni boshlashi xabar berildi.

Shuningdek, o‘tgan yilning oktabriga kelib, aviakompaniyaning Toshkentdan Stavropol va Ufaga parvozlarni yo‘lga qo‘yishi ma’lum bo‘ldi.

Noyanr oyida Surgutdan Toshkentga haftasiga 5 martagacha parvoz qilishni rejalashtirgan “Red Wings” aviakompaniyasiga ruxsat berilmagandi.