Prezident aviatsiya faoliyatini samarali tashkil etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi.

Hujjat bilan, “Silk Avia” aviakompaniyasi ustav kapitalidagi “Uzbekistan Airports"ning 100% ulushini uning brendini saqlab qolgan holda “Uzbekistan Airways” tarkibidagi “Uzbekistan Helicopters” ustav kapitaliga o‘tkaziladi.

“Uzbekistan Airports"ning 3ta “ATR72−600” rusumli havo kemasi “Silk Avia"ga beg‘araz o‘tkaziladi.

Shuningdek, “Silk Avia” faoliyatini samarali tashkil etish va rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish doirasida “ATR72−600” rusumli havo kemalari soni oshiriladi.

“Uzbekistan Airways” tarkibidagi “Uzbekistan Helicopters” zimmasiga quyidagi vazifalari yuklanadi:

  • mahalliy aviaqatnovlarning sonini oshirish;
  • parvozlar geografiyasini kengaytirish;
  • yangi yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish;
  • “ATR72−600” rusumli havo kemalari parkini rivojlantirish.

“Silk Avia” kompaniyasi 2021-yilning sentabr oyida ro‘yxatga olingan. 2022-yilning aprelida prezident mahalliy aviaqatnovlarga mo‘ljallangan mazkur aviakompaniyani tashkil etilish bo‘yicha topshiriq berdi.

Oktabr oyiga kelib esa kompaniya 10 ta samolyot xarid qilishi ma’lum bo‘ldi. Dekabrda birinchi samolyoti texnik qabuldan o‘tdi.

“Silk Avia” joriy yilning 25-aprelidan O‘zbekiston shaharlariga muntazam qatnovlarni boshladi. 1-iyundan yangi mahalliy yo‘nalishlarga parvozlarni yo‘lga qo‘ydi.

Avgustda esa yo‘lovchilar sonining kamligi sabab Nukusga parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi. Shu oyda aviakompaniya Issiqko‘lga birinchi xalqaro reysni amalga oshira boshladi.

Oktabrdan kompaniya Samarqanddan Qozog‘istonning Turkiston shahriga parvozlarni yo‘lga qo‘yishi xabar berildi.