Qozog‘iston Energetika vazirligi tranzit gaz yetkazib berish hajmining oshishini O‘zbekiston ehtiyojlari bilan bog‘ladi. Bu haqda vazir Almasadam Satkaliyevga tayanib, “TASS” xabar berdi.

8-noyabr kuni Qozog‘iston va Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi o‘rtasida Rossiyadan O‘zbekistonga gaz tranziti masalalarini qamrab oluvchi strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

“Kelishuv Rossiya gazining O‘zbekistonga tranziti masalalarini ham qamrab olgan. Ma’lumki, gaz tashish tizimimizni ishga tushirdik va tranzit imkoniyatini ta’minladik. Mazkur hujjat bilan Rossiya gazining tranzitini amalga oshirishda tomonlarning majburiyatlarini belgilaymiz”, — dedi Satkaliyev.

Qozog‘iston energetika vaziri joriy yil oxirigacha Rossiya gazining O‘zbekistonga tranzit hajmi kamida 800 mln kub metrni tashkil etishini qayd etdi. Hozir gap yiliga qariyb 2,8 mlrd kubometr yetkazib berish haqida bormoqda, deya qo‘shimcha qildi u.

“O‘zGazTrade” va “Gazprom Eksport” o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, Rossiyadan O‘zbekistonga yiliga 2,8 mlrd kub metrgacha gaz yetkazib beriladi.

7-oktabr kuni prezidentlar Shavkat Mirziyoyev, Qosim-Jomart Toqayev va Vladimir Putin Rossiya gazini “Markaziy Osiyo — Markaz” quvuri orqali O‘zbekiston va Qozog‘istonga yetkazib berishga start berdi. Undan keyin Qozog‘iston yil oxirigacha O‘zbekistonga 800 mln kub metr Rossiya gazini yetkazib berishi ma’lum qilingandi.

Noyabr oyi boshida “Gazprom” rahbari Aleksey Miller O‘zbekiston va Rossiya 15 yilga gaz bo‘yicha shartnoma tuzishni rejalashtirayotganini aytgandi. Shartnoma imzolanishi 2024-yilning o‘rtalarida kutilmoqda.