“O‘zbekiston temir yo‘llari” Yangi yil bayrami munosabati bilan Qarshi va Samarqandga qo‘shimcha poyezd qatnovlarini amalga oshiradi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xususan, 25, 26, 27, 28-dekabr kunlari 762/761-sonli “Toshkent — Qarshi — Toshkent” yo‘nalishida “Afrosiyob” elektropoyezdining qo‘shimcha harakati yo‘lga qo‘yildi.

Poyezd quyidagi jadval asosida harakatlanadi:

762-sonli “Toshkent — Qarshi” yo‘nalishi

  • Toshkent 6:59 — Qarshi 10:33;

761-sonli “Qarshi — Toshkent” yo‘nalishi

  • Qarshi 16:44 — Toshkent 20:20.

29, 30, 31-dekabr kunlari 775/776-sonli “Samarqand — Toshkent — Samarqand” yo‘nalishida “Afrosiyob” elektropoyezdining qo‘shimcha harakati amalga oshiriladi.

Harakat jadvali quyidagicha:

775-sonli “Samarqand — Toshkent” yo‘nalishi

  • Samarqand 11:05 — Toshkent 13:20;

776-sonli “Toshkent — Samarqand” yo‘nalishi

  • Toshkent 13:51 — Samarqand 16:05.

Batafsil ma’lumotni Toshkentdagi 1005 qisqa telefon raqami, joylardagi temir yo‘l chiptaxonalari hamda ma’lumotlar byurosidan olish mumkin.

Chiptalarni temir yo‘l chiptaxonalari hamda havola orqali onlayn xarid qilish mumkin.

Avvalroq “O‘zbekiston temir yo‘llari” Toshkentdan Urganch, Nukus, Samarqand hamda Qarshi shaharlariga qo‘shimcha poyezd qatnovi yo‘lga qo‘ygandi.

Qatnovlar uchun bayram chegirmalari

“O‘zbekiston temir yo‘llari” talabalar uchun 50% chegirma e’lon qildi. Undan OTM talabalari 25-dekabrdan 7-yanvargacha bo‘lgan mahalliy yo‘nalishdagi qatnovlarga foydalanishlari mumkin.

Biroq, arzonlashtirilgan narxlar SV / VIP klass vagonlariga va yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdiga taqdim etilmaydi.

“Silk Avia” aviakompaniyasi talabalar uchun barcha yo‘nalishlarga 50% chegirma e’lon qilgan. Undan 23-dekabrdan kelasi yilning 7-yanvarigacha bo‘lgan parvozlar uchun o‘rta maxsus, professional va davlat OTMlari talabalari foydalanishlari mumkin.

Bundan tashqari, aviakompaniyaning Yangi yil bayrami uchun barcha mahalliy yo‘nalishlarga 40%lik chegirmalari mavjud.

Shuningdek, “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining talabalar uchun 50% chegirmasi mavjud. Chegirma joriy yilning 23-dekabridan kelasi yilning 7-yanvarigacha bo‘lgan mahalliy yo‘nalishlardagi aviaqatnovlar uchun amal qiladi.