“UzAuto Motors” kompaniyasi ommabop avtomobillar uchun kontraktatsiya ochilishiga oid tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.

Kompaniya 18-dekabr kuni ommabop avtomobillarni xarid qilish uchun shartnomalar ochilishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlarga ishonmaslikka chaqirmoqda.

Kontraktatsiya ochilishining aniq sanasi tez kunlarda e’lon qilinadi hamda ular haqidagi rasmiy ma’lumotlar kompaniyaning rasmiy kanallari orqali olish mumkin.

Kompaniya o‘z mijozlaridan hushyor bo‘lishni va shaxsiy ma’lumotlarini, xususan, davlat portalidagi shaxsiy ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga bermaslikni yana bir marotaba so‘ramoqda.

Avvalroq kompaniya xaridorlarni shaxsiy ma’lumotlarini o‘zgalarga bermaslikka chaqirib, ogohlantirish bilan chiqqandi. Onlayn shartnoma olish tizimi barcha uchun bepul bo‘lib, unda alohida kirishni ta’minlaydigan imkoniyat yo‘q.

Ommabop avtomobillar uchun shartnoma tuzish faqat onlayn ravishda “UzAutoSavdo” ilovasi (iOS/Android) va savdo.uzavtosanoat.uz sayti orqali amalga oshiriladi.

“UzAuto Motors” dekabr oyining ikkinchi yarmida ommabop avtomobillar uchun onlayn kontraktatsiyani ochishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingandi. Endilikda kontraktatsiyani avtosalonlardan emas, faqat onlayn tarzda kompaniya sayti va ilovalari orqali rasmiylashtirish mumkin bo‘ladi.

Noyabr oyi boshida ochilgan kontraktatsiya jarayonida kompaniya rasmiy sayti va mobil ilovasida texnik nosozliklar, dilerlik markazlarida esa tartibsizliklar yuzaga kelgandi.

Avvalroq “UzAuto Motors” kompaniyasi dilierlik markazlari orqali avtomobillarni yetkazib berish muddatiga aniqlik kiritdi. Kompaniya xaridorlarga dilerlik markaziga yetkazilgan avtomobillarni 5 ish kuni ichida olib ketishni tavsiya qildi.