O‘zbekiston va Xitoy elektromobillarni quvvatlash qurilmalarini birgalikda ishlab chiqarishga kelishdi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuotb xizmati xabar berdi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti bilan Xitoyning “Henan Suda” kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Tomonlar O‘zbekistonda elektromobillarni quvvatlash qurilmalari va texnologiyalarini qurish loyihasini amalga oshirishni muhokama qildi. Natijada, mamlakatda energiya tejamkor texnologiyalar va elektromobillarni quvvatlash qurilmalari hamda texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik kelishuvi imzolandi.

2033-yilgacha 14ta hududda 70dan ortiq markazlashtirilgan va 50 mingta markazlashtirilmagan zaryadlash stansiyalarini qurish belgilangan. Ular 700 mingdan ortiq elektromobillarni quvvatlantirish imkonini beradi.

Xitoy kompaniyalari tomonidan mamlakatda elektromobillarni quvvatlash qurilmalarini ishlab chiqish va o‘rnatish bo‘yicha kelishuvlar amalga oshirilgan.

“Luoyang Grasen Power Technology” kompaniyasi elektromobillar uchun zaryadlovchi qurilmalarni ishlab chiqarish loyihasiga $30 mln jalb qiladi. “Ruisu” kompaniyasi ham Farg‘onada elektromobillarni quvvatlash uskunalarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, Buyuk Britaniyaning “Kalo Holdings” kompaniyasi tomonidan ham 60 kVt va undan yuqori quvvatli elektromobillarni quvvatlash imkoniyatiga ega bo‘lgan stansiyalarni qurish loyihalari bildirilgan.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev elektromobillarni ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi.