“Humo” to‘lov tizimida yana muammolar kuzatilmoqda.

Ayni vaqtda to‘lov tizimi kartalaridan to‘lov va pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda cheklovlar yuzaga keldi.

Milliy banklararo protsessing markazi yuzaga kelgan holat bo‘yicha hozircha munosabat bildirgani yo‘q.

Oktabr oyi boshida tizim kartalaridan to‘lov va pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda cheklovlar yuzaga keldi. MBPM buni “SMS-xabarnoma” xizmatida yuzaga kelgan muammolar sabab kuzatilayotgani bilan izohladi.

Shuningdek, ayrim savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarida “Humo” to‘lov tizimi bir necha kundan buyon ishlamayotganini ro‘kach qilib, xaridorlardan karta qabul qilmaslik holatlari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Markaziy bank munosabat bildirib, kompaniya regulyatorni vaziyatdan xabardor qilib, hodisa sabablarini aniqlash uchun barcha zaruriy choralar ko‘rilayotganligi qayd etilgandi.

Undan keyin “Humo” to‘lov tizimi terminallarida to‘lovlarni amalga oshirishda qiyinchiliklar kuzatildi. Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov “HUMO” to‘lov tizimidagi muammolarni yangi dasturiy ta’minot o‘rnatilishi bilan izohladi.

Noyabr oyida “Humo” bankomatlarida pul yechib olish bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq, MBPM bu mazmunidagi xabarlarni rad etdi.

Yana bir holatda esa tizim O‘zbekistonda bank kartalaridan pul o‘g‘irlangani haqidagi xabarlar asossiz ekanini bildirdi.

Dekabr oyi boshida “Humo” to‘lov tizimining ustav kapitalidagi davlat ulushi to‘liq Davaktiv agentligiga o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Undan keyin agentlik to‘lov tizimining Davaktivga o‘tkazilishi xususiylashtirish bilan bog‘liq emasligini qayd etdi.