Joriy yilning 18-fevralidan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga qisqa muddatli cheklovlar kiritilgandi.

22-fevraldan esa mazkur cheklovlar mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda, belgilangan reja-grafik asosida bosqichma-bosqich olina boshlandi.

Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev mamlakatdagi barcha “zapravka"lar qachondan ochilishini ma’lum qildi.

“Tabiiy gaz bosimining me’yoriy sxemaga qaytgani munosabati bilan bugundan [7-mart] mamlakatimizdagi barcha avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari ochiladi”, deyiladi xabarda.

Avvalroq 18-fevraldan bir qator issiqlik elektr stansiyalarida gaz bosimining pasayishi kuzatilishi sabab, mamlakatning ba’zi hududlarida elektr energiyasi ta’minotida qisqa muddatli cheklovlar o‘rnatilishi belgilandi.


2023-yilning 8-dekabr kuni Energetika vazirligi barcha AGTKShlar faoliyatiga cheklov kiritilganini ma’lum qildi. Bunda ular faoliyati soat 06:00—15:00 oralig‘ida amalga oshirilishi belgilandi. 12-dekabrdan esa ish vaqti soat 06:00dan 12:00gacha o‘zgartirildi.

Biroq, mamlakatning ayrim hududlarida bundan avvalroq metan “zapravka"lar faoliyatiga cheklovlar kiritilgandi. Jumladan, 4-dekabrdan Andijondagi AGTKShlar faoliyatiga cheklovlar o‘rnatilib, ularga tabiiy gazni yetkazib berish vaqti soat 06:00dan 15:00gacha qilib belgilandi.

Undan keyin, Qoraqalpog‘istonda gaz “zapravka"lar faoliyati cheklanib, hududdagi barcha avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalariga tabiiy gaz yetkazib berish belgilangan reja asosida soat 06:00dan 15:00gacha amalga oshiriladi.

7-dekabrdan Surxondaryodagi zapravkalar soat 08:00dan 17:00gacha, Qashqadaryoda esa 8-dekabrdan soat 06:00dan 15:00gacha faoliyat yurita boshladi.

Shuningdek, O‘zbekistonning oltita hududida metan zapravkalar faoliyatiga qo‘shimcha cheklovlar kiritildi. Oradan ko‘p o‘tmay mazkur “zapravka"larga qo‘yilgan cheklovlar yumshatildi.