“Ekologik transport” tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi

Joriy yilning 1-iyunidan barcha toifalardagi avtomobillardan ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarining atmosfera havosiga zararli ta’siri bo‘yicha yo‘l qo‘yiladigan normativlarga mosligini nazorat qiluvchi “Ekologik transport” tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Hududlar real ekologik holat, shuningdek, xorij tajribasi va innovatsion texnologiyalar asosida “yashil”, “sariq” va “qizil” ranglar bilan belgilanadigan “toza”, “o‘rta” va “zararli” ekologik zonalarga ajratib boriladi. O‘z navbatida, avtomobillar ham yuqoridagi kabi ekologik toifalarga ajratiladi.

“Zararli” avtomobillarga nisbatan ekologik kompensatsiya to‘lovlari joriy etiladi. Bundan tashqari, ularning tegishli ekologik zonalar hududida kirishi cheklanadi yoki taqiqlanadi.

“Ekologik transport” tizimini 2024−2026 yillarda Toshkent shahrida, 2026−2028 yillarda hududlar markazlarida hamda, zaruratga ko‘ra, alohida ekologik zonalarda, jumladan, sayyohlik markazi, tabiat qo‘riqxonasi, sog‘lomlashtirish hamda dam olish maskanlarida joriy etiladi. 2028−2030 yillarda esa boshqa barcha hududlarda amalga oshiriladi.



Uy-joy sharoitini yaxshilashga120 million so‘mgacha ipoteka krediti beriladi

Farmonga ko‘ra, 2024-yil 1-iyundan “mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida Kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan shaxslarga ipoteka kreditlarini ajratish amaliyoti joriy etiladi.

Bunda ipoteka kreditlari 120 mln so‘mgacha miqdorda, 20 yilgacha muddatga, Markaziy bankning asosiy stavkasidan to‘rt foiz bandga yuqori stavkada yakka tartibdagi uy-joyni qurish, rekonstruktsiya qilish va ta’mirlash maqsadlari uchun ajratiladi.

Shu bilan birga, ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun ajratiladigan kreditning 15%i miqdorida hamda foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun — kredit muddatining birinchi 5 yili davomida 12%dan oshgan qismiga subsidiya to‘lanadi.


Migrantlarni ishga olganlarga subsidiya beriladi

1-iyunidan hujjatlarni onlayn talab qilib olish bo‘yicha konsullik yig‘imlari miqdori fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etganlik haqida takroriy guvohnomalar berganlik uchun davlat boji miqdoriga tenglashtiriladi.

1-iyundan mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarni ishga qabul qilgan kompanilarga har bir ishga olingan xodim uchun 12 oy davomida oyiga 500 ming so‘mdan subsidiya to‘lanadi.

Biroq, budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav kapitalida davlat ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno.

Subsidiya to‘lash uchun fuqaro bilan tuzilgan va Yagona milliy mehnat tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan mehnat shartnomasi asos bo‘ladi hamda to‘lovlar 1-iyundan 2026-yilgacha ishga qabul qilinganlarga nisbatan qo‘llaniladi.

Mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar deb xorijda 3 va undan ortiq oy mobaynida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib, yashash manziliga qaytib kelganligiga bir yildan ko‘p vaqt bo‘lmaganlar tushuniladi.

Shuningdek, 1-iyundan mehnat migratsiyasidan qaytib kelganlar hamda ularning oila a’zolarini bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.

Ijtimoiy ahamiyatli kasallikka chalinganlarga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxatiga muvofiq tibbiy yordam bepul ko‘rsatiladi.


Yangi binolarda aktiv seysmik himoyalash qurilmalarini o‘rnatish joriy etiladi

MSK-64 shkalasi bo‘yicha 8 va undan yuqori ballik seysmik faol zonalarda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan 5 qavatdan yuqori tibbiyot obyektlari hamda 9 qavatdan yuqori binolarni aktiv seysmik himoyalash qurilmalari, shu jumladan seysmoizolyatsiya va dempfer uskunalari bilan loyihalash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

1-iyuldan yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III — IV toifa bo‘lgan obyektlarga bino va inshootlarning yuk ko‘taruvchi konstruktsiyalarini avtomatik monitoring qilish uskunasini o‘rnatish majburiy etib belgilanadi.

Iyulgacha barcha tuman va shaharlar hududlari kesimida mintaqaviy akselerogrammalar raqamlashtirilib, onlayn bazalari shakllantiriladi. 1-avgustdan ular asosida loyihalash va qurish tartibi joriy etiladi.

2024-yilning 1-iyunidan yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III — IV toifa bo‘lgan obyektlarda gaz va elektr tarmoqlarini kuchli zilzila paytida avtomatik bloklash tizimi bilan loyihalash tartibi joriy etiladi.


Gaz zapravkalarga yetkazib beriladigan gaz narxi oshiriladi

Hukumatning aprel oyidagi qarori bilan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalariga 1 kub metr tabiiy gaz 1-iyundan boshlab 1800 so‘mdan yetkazib beriladi. 1-maygacha bu narx 1500 so‘m etib belgilangandi.


Metanning eng baland narxi 3750 so‘m etib belgilandi

AGTKShlarda tabiiy gazni sotishda uning eng baland chakana narxi 1-avgustgacha bir kub metr uchun 3750 so‘mni tashkil etadi.

Ya’ni, 1-iyundan yakuniga yetishi kerak bo‘lgan eng baland chakana narx uchun belgilangan muddat yana ikki oy davomida ayrim o‘zgartishlar bilan amal qiladi.

Mart oyi oxirida hukumat tomonidan qabul qilingan tegishli qaror bilan metan “zapravka"larda sotiladigan 1 kub metr tabiiy gaz narxi qat’iy belgilangan bo‘lib, bu 1-iyungacha 3350 so‘mni tashkil etadi.


Chiqindidan qarzi borlarga SMS jo‘natiladi

Chiqindi xizmatlari uchun oylik to‘lovlardan qarzdorligi bo‘lgan abonentlar SMS orqali xabardor qilib boriladi.

Qarzdorlik bo‘yicha ogohlantirilgandan keyin to‘lov qilmaganlarning elektr to‘lovlarini qabul qilish vaqtinchalik cheklanadi.

Bu tizim birinchi bosqichda Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida 1-iyundan yo‘lga qo‘yilib, 6 oylik qarzdorlik uchun amal qiladi.

Shuningdek, maishiy chiqindilar tarkibidagi ikkilamchi xomashyoni realizatsiya qilish faqat birja orqali amalga oshiriladi. Aholi mustaqil saralagan chiqindilar bundan mustasno.


OTMlar uchun qabul jarayoni boshlanadi

2024/2025 o‘quv yilidan davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul qilishda imtihonlar “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq bir vaqtda o‘tkaziladi.

Biroq, bu kasb-hunar maktabi uchun amal qilmaydi. Mazkur tamoyil asosida abituriyentlar o‘z tanloviga ko‘ra, testdan to‘plagan bali bilan dastlab bakalavriaturaga, so‘ng professional ta’lim muassasalariga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi.

Davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda abituriyentlar har yili 5-iyundan 25-iyungacha test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.

Test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon bo‘lsa, imtihonni topshiradigan davlat OTMini tanlaydi.

Bunda bakalavriatura bo‘yicha yagona kasbiy (ijodiy) imtihonlar dasturlari va baholash mezonlari tegishli vazirliklar (idoralar) tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan tasdiqlanadi.

Kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi. Ikkinchi bosqichda abituriyentlar test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida OTM, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydi.


“Yosh tadbirkor” tanlovi yo‘lga qo‘yiladi

1-iyundan “Yosh tadbirkor” tanlovlarini o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi hamda “mahalla — tuman — viloyat — respublika” bosqichlarida biznes loyiha va g‘oyalar saralanadi.

Respublika bosqichida saralashdan o‘tgan har bir loyihaga BHMning 1 000 baravarigacha (340 mln so‘m) imtiyozli kreditlar ajratiladi va kredit stavkasining 50%i qoplab beriladi.

G‘olib bo‘lgan biznes loyiha va g‘oyalar egalari Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi.


Kripto-birja va kripto-do‘konlar uchun yig‘imlar miqdori oshiriladi

Unga ko‘ra, quyidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish uchun yig‘imlar miqdori oshiriladi:

  • kripto-birja faoliyati uchun BHMning 740 baravari — 251,6 mln so‘m (amalda 136 mln so‘m);
  • kripto-do‘kon faoliyati uchun BHMning 185 baravari — 62,9 mln so‘m (6,8 mln so‘m).

Huquqiy axborotni yetkazishga oid faoliyat raqamlashtiriladi

Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qonunchilik hujjatlari va islohotlar mazmun-mohiyatini aholiga yetkazishning yangi tartibi joriy qilinadi.

Adliya vazirligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarining faoliyat yo‘nalishlaridan kelib chiqib huquqiy targ‘ibot materiallari tayyorlanadi hamda ularning eng quyi bo‘g‘inigacha Yagona huquqiy axborot almashish tizimi orqali yuboriladi.

Davlat organlari va tashkilotlarining huquqiy axborotni yetkazishga oid faoliyati raqamlashtiriladi va huquqiy targ‘ibotning innovatsion usullari tatbiq etiladi.

O‘z faoliyati sohasiga oid huquqiy axborotlarni aholiga yetkazish faoliyatini tashkil qilish hamda muvofiqlashtirishga mas’ul bo‘linmalar belgilanadi.


“Uzbekistan Airways” Nukusdan Olmaotaga parvozlarni yo‘lga qo‘yadi

Nukus-Olmaota-Nukus yo‘nalishidagi aviaqatnovlar joriy yilning 1-iyunidan boshlanib, haftda ikki kun — chorshanba va shanba kunlari harakatlanadi.

Aviareyslar quyidagi jadvalga asosida (mahalliy vaqt bilan) amalga oshiriladi:

  • Nukusdan jo‘nab ketish- soat 10:05, Olmaotaga yetib kelish — soat 12:15;
  • Olmaotadan jo‘nab ketish soat — 13:15, Nukusga yetib kelish — soat 15:45.

Nukus-Istanbul yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar boshlanadi

“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi mazkur yo‘nalish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni haftada bir marta — dushanba kunlari amalga oshiradi.

Parvozlar “Uzbekistan Airways Express” loukoster aviakompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. Parvoz jadvali (mahalliy vaqt):

  • Nukusdan jo‘nab ketish — 10:35, Istanbulga kelish — 12:55;
  • Istanbuldan jo‘nash 14:30, Nukusga yetib kelish 20:15.

“Silk Avia” Issiqko‘lga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yadi

Poytaxt va kurort hududi o‘rtasida aviaqatnovlar 16-iyundan quyidagi jadval (mahalliy vaqt) asosida amalga oshiriladi

  • Toshkentdan uchish — 9:30, Tamchiga kelish — 12:35;
  • Tamchidan jo‘nash 13:35, Toshkentga yetib kelish 14:50.