Soliq qo‘mitasi fiskal chek bermasdan P2P-o‘tkazmalar orqali to‘lov qabul qilgan tadbirkorlar faoliyati yuzasidan 481 ta sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazdi.
Tekshiruvlar davomida 32 mln so‘mdan ortiq chek bermaslik holatlari aniqlandi. Shuningdek, masalani o‘rganish doirasida tijorat banklariga 411 ta so‘rov yuborilgan.
Qo‘mita ma‘lumotiga ko‘ra, ayrim tadbirkorlar faoliyati davomida jismoniy shaxslarning bank kartalariga jami 21,5 mlrd so‘m mablag‘ qabul qilgani aniqlangan.
Tekshiruvlar yakunida 464 ta tadbirkorlarga nisbatan 7 mlrd so‘mdan ortiq moliyaviy jarimalar qo‘llanildi.
Qo‘mitaning ta‘kidlashicha, tovar va xizmatlar uchun xarid chekini bermasdan P2P-o‘tkazmalar orqali hisob-kitob qilish soliqdan qochish, tushumlarni kamaytirib ko‘rsatish hamda yashirin iqtisodiyot rivojlanishiga sharoit yaratadi.
Markaziy bank mart oyi boshida bir nechta fintex-xizmatlar foydalanuvchilar uchun kartalar o‘rtasida pul o‘tkazmalarining maqsadini ko‘rsatish talabini joriy etgandi.
P2P-o‘tkazmalar uchun maqsadlar ro‘yxati orasida tovarlar yoki savdo uchun to‘lov ham bor edi.
Keyinroq regulyator P2P-o‘tkazmalarining maqsadini majburiy ko‘rsatish tartibini bekor qildi.
Aprel oyi boshida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish uchun P2P-o‘tkazmalar monitoringi kuchaytirilishi aytilgandi.
Spot, avvalroq, umumiy ovqatlanish korxonalari ayrim shartlar evaziga QQSdan ozod etilishi mumkinligi haqida yozgandi.