Yandex Kazakhstan 2026-yilda bosqichma-bosqich robotaksilarni ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya vakillari GITEX AI Kazakhstan texnologik forumi doirasida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.

Avvalroq kompaniya pilot loyihani 2026-yil 1-maygacha boshlashni rejalashtirgan edi, biroq start kechiktirildi. Hozirda kompaniya Qozog‘iston shaharlarining batafsil xaritalarini yaratish bo‘yicha tayyorgarlik bosqichini olib bormoqda. Aynan ularning sifati haydovchisiz avtomobilning qanchalik xavfsiz va ishonchli harakatlanishini belgilaydi.

Xaritalash yakunlangach, Yandex pilot loyihani ishga tushiradi. Agar u muvaffaqiyatli natijalarni ko‘rsatsa, robotaksilar tijorat formatida yo‘llarga chiqadi va foydalanuvchilar uchun bevosita Yandex Go ilovasida mavjud bo‘ladi.

Qozog‘istonning amaldagi qonunchiligi haydovchi ishtirokisiz transport vositasini boshqarishni taqiqlaydi. Yandex allaqachon bu masalani hal qilish va to‘liq avtonom harakat uchun huquqiy asos yaratish maqsadida respublika rasmiylari bilan muzokaralar olib bormoqda.

Loyiha rivojlanishi bilan haydovchining roli o‘zgaradi: dastlab u yo‘lovchi o‘rindig‘iga kuzatuvchi sifatida o‘tiradi, kelajakda esa avtomobillar to‘liq mustaqil harakatlana oladi.

Forum doirasida kompaniya Hyundai Sonata asosidagi robotaksi prototipini taqdim etdi.

Nimalar rejalashtirilgandi?

2026-yil fevralida Olmaota raqamlashtirish boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Meyram Dyusyukov Yandex Kazakhstan bilan hamkorlikda 2026-yil 1-maygacha 50 ta haydovchisiz avtomobilni liniyaga chiqarish rejalashtirilganini ma’lum qilgandi. Biroq bu muddatga rioya qilib bo‘lmadi.

Shuningdek, barcha manfaatdor davlat idoralari, jumladan, Ichki ishlar vazirligi, Transport vazirligi va boshqalar bilan o‘zaro hamkorlik masalalari ishlab chiqilayotgan edi.

“Hozir bu texnologik masaladan ko‘ra ko‘proq huquqiy va xavfsizlik masalasidir. Biz ayni damda mas’uliyat matritsasini ishlab chiqyapmiz, ushbu pilot loyiha huquqiy maydonda qanday o‘tishini ko‘rib chiqyapmiz”, — deb ta’kidladi sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vaziri o‘rinbosari Rostislav Konyashkin.

Uch yillik pilot loyiha bir vaqtning o‘zida ikkita shaharni — Olmaota va Ostonani qamrab olib, bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kerak edi.

Loyihaga Yandex’dan tashqari boshqa ishtirokchilarni ham jalb qilish rejalashtirilgan edi — xususan, “inDrive” servisi bilan haydovchisiz taksini ishga tushirish bo‘yicha memorandum imzolangandi.

Rejaga ko‘ra, loyiha L4 darajasidagi yuqori avtonomlikka erishishi, ya’ni avtomobil oldindan belgilangan sharoitlarda haydovchisiz harakatlanishi kerak edi.

O‘tish bosqichida esa L3 formati nazarda tutilgandi: bunda haydovchi salonda o‘tiradi va zarurat tug‘ilganda boshqaruvni o‘z qo‘liga olishga tayyor turadi.

O‘sha vaqtda avtomobillarning aniq modellari va yo‘lovchilarning maksimal soni hali belgilanmagan, qatnov narxini belgilash esa servis operatorlarining ixtiyoriga topshirilishi ko‘zda tutilgan edi.


Avvalroq Tesla Ostin shahrida o‘zini o‘zi boshqaradigan robotaksilarni ishga tushirgani haqida xabar berilgandi.