Shavkat Mirziyoyev 4-iyun kuni Xitoy Xalq Respublikasi Syangan (Gonkong) maxsus ma‘muriy hududi Administratsiyasi rahbari Li Szyachao boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston — Xitoy hamkorligini, shu jumladan, Gonkong bilan hududlararo almashinuvlar va amaliy hamkorlikni kengaytirish orqali yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston hududlarining Gonkong bilan iqtisodiy hamkorligini rivojlantirish uchun mavjud salohiyatdan samarali foydalanish muhimligiga alohida e‘tibor qaratildi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy va moliyaviy aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi.

Ta‘lim, turizm va ishbilarmonlik almashinuvlarini rivojlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar hamda konsullik xizmatlarini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutuvchi kompleks hamkorlik dasturini qabul qilish muhimligi ta‘kidlandi.

“Yashil” energetika, qishloq xo‘jaligi, biotexnologiyalar, raqamli iqtisodiyot, fintex, innovatsion startaplar, sun‘iy intellekt va boshqalar ustuvor sohalar sifatida qayd etildi.

Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi"ni qabul qilish, shuningdek, Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish hamda yaqin fursatda Gonkong bilan ikki tomonlama asosda vizasiz tartibni joriy etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

2025-yilning 1-iyunidan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida vizasiz rejim joriy etildi. Ikki mamlakat fuqarolari davlatlar hududida 30 kungacha vizasiz bo‘lishlari mumkin. Undan oshgan muddatlar uchun esa viza talab etiladi. Vizasiz rejim qabul qiluvchi tomonning vakolatli organlarining oldindan roziligini talab qiladigan ish, ta’lim, ommaviy axborot vositalari va boshqa faoliyatga nisbatan tatbiq etilmaydi. Shuningdek, u Gonkong va Makao maxsus ma’muriy hududlariga sayohat qilish uchun ham amal qilmaydi.

Joriy yilning may oyida O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar to‘g‘risidagi bitim iyulgacha imzolanishi aytilgandi. Davlatlararo bitim imzolangunga qadar aviakompaniyalarga charter asosida muntazam qatnovlarni amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Bir kun avval O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida 30 kunlik vizasiz rejim joriy etilishi taʼkidlangandi. Tomonlar o‘zaro vizasiz rejim bo‘yicha hukumatlararo bitim tuzish niyatini tasdiqlovchi verbal notalar almashgan edi.

Spot, avvalroq, Tailand o‘zbekistonliklar uchun vizasiz rejimni bekor qilishi mumkinligi haqida yozgandi.