Soliq qo‘mitasi bank siri va P2P-o‘tkazmalari monitoringi bo‘yicha Markaziy bank bildirgan pozitsiyaga munosabat bildirdi.
8-iyul kuni Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev Kursiv Uzbekistan nashriga yirik miqdordagi P2P-o‘tkazmalar to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni soliq organlariga taqdim etish to‘g‘risidagi taklif etilayotgan norma Konstitutsiyaga zid kelishini bildirgan edi.
Taʼkidlanishicha, loyihaning amalga oshirilishi fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari buzilishiga, naqd puldan foydalanishning ko‘payishiga, mablag‘larning bank tizimidan norasmiy muomalaga chiqib ketishiga va yashirin iqtisodiyot ko‘lamining ortishiga olib kelishi mumkin.
Bundan tashqari, Markaziy bank bu naqd va naqdsiz hisob-kitoblar hajmi o‘rtasidagi farqni kuchaytirishi mumkin, deb hisoblaydi.
Regulyator, shuningdek, me‘yoriy hujjat loyihasi Soliq qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilganini, Markaziy bankning o‘zi esa ma‘lumotlarni uzatish uchun nima uchun oyiga 500 BHM (206 mln so‘m) miqdoridagi chegara tanlangani haqida ma‘lumotga ega emasligini ta‘kidladi.
Qo‘mita bayonotida qayd etilishicha, banklar bilan har qanday axborot almashinuvi faqat qonunchilik doirasida, bank sirini saqlash, shaxsga doir ma‘lumotlarni himoya qilish va fuqarolarning bank tizimiga bo‘lgan ishonchini ta‘minlash sharti bilan amalga oshirilishi lozim.
Ta‘kidlanishicha, Konstitutsiyaning 41-moddasida bank operatsiyalari, omonatlar va hisobvaraqlar sirining qonun bilan kafolatlanishi belgilangan. Ushbu masalalar “Bank siri to‘g‘risida"gi qonun hamda Soliq kodeksi bilan tartibga solinadi.
Xususan, “Bank siri to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, bank mijozining soliqqa oid ma‘lumotlari qonunchilikda belgilangan tartibda soliq organlariga taqdim etilishi mumkin.
Soliq kodeksida ham banklarning bunday ma‘lumotlarni faqat qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda va tartibda taqdim etish majburiyati belgilangan.
Shu bilan birga, Soliq qo‘mitasi jismoniy shaxslar o‘rtasidagi P2P-o‘tkazmalar o‘z-o‘zidan soliq solish obyekti hisoblanmasligi va bu fuqarolarning shaxsiy o‘tkazmalari ustidan ommaviy nazorat o‘rnatilishini anglatmasligini ta‘kidladi.
Qayd etilishicha, loyihaning maqsadi banklar bilan o‘zaro axborot almashuvining xavfsiz, aniq va xalqaro amaliyotga mos mexanizmini shakllantirishdan iborat.
Qo‘mita loyiha bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi yakunlanganini bildirib, kelib tushgan barcha takliflar, jumladan Markaziy bankning pozitsiyasi ham o‘rganilib, shundan so‘ng tegishli xulosalar chiqarilishini ma‘lum qildi.
O‘zi nima gap?
Iyun oyi oxirrog‘ida Soliq qo‘mitasi banklar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning hisobvaraqlari yoki omonatlariga oid axborotlarni soliq organlariga taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygandi.
Undagi asosiy takliflardan biri — jismoniy shaxslarning bank kartalariga boshqa fuqarolarning (yaqin qarindoshlar bundan mustasno) kartalari yoki elektron hamyonlaridan bir oy davomida katta miqdorda pul kelib tushishi holatlari yuzasidan ma‘lumot almashishdir.
Yaʼni, idora banklarga yuridik shaxslarning 412 mln so‘mdan, YTT va o‘zini o‘zi band qilganlarning esa 206 mln so‘mdan yuqori operatsiyalari haqidagi ma‘lumotlarni taqdim etish majburiyatini yuklashni rejalashtirgan edi.
Loyiha ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgach, qo‘mita izoh berib, P2P-o‘tkazmalariga oid ma‘lumotlarni olish bank siri va daxlsizlikni buzmasligini bildirdi.
Qo‘mitaga ko‘ra, hujjat soliq organlariga yangi vakolatlar bermaydi, bank sirini bekor qilmaydi va fuqarolarning hisobvaraqlariga erkin kirish imkoniyatini nazarda tutmaydi.
Spot keyinroq jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qaror loyihasi ostidagi foydalanuvchilarning fikrlarini o‘rganib, asosiy dalillarni bir nechta mavzuli bloklarga ajratgandi.
Avvalroq prezident Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonunni imzolagandi.