Namangan viloyatida fuqarolarni Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va‘da qilib, ularning pullarini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgan shaxs aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura Departament xabar berdi.
Uchqo‘rg‘on tumani suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi haydovchisi A.S. besh nafar fuqaroni Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va‘da qilgani aniqlangan.
U mazkur ishlar evaziga fuqarolardan jami 21,85 ming dollarni firibgarlik yo‘li bilan olgani aytilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Koreyaga ishga yuborish
Joriy yilning may oyida Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq qariyb $90 mlnlik korrupsion sxema fosh etilgandi. Tergovda jinoiy guruh fuqarolardan noqonuniy ravishda jami $45 mln olgani maʼlum bo‘ldi.
Shundan keyin Migratsiya agentligi sobiq bo‘lim boshlig‘i Azizbek Toshtemirovga xalqaro qidiruv e‘lon qilingandi. Tegishli kartochka Xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti — Interpol saytida paydo bo‘ldi.
Iyun oyi boshida o‘nta hududda fuqarolarga Koreyaga ishga yuborishni va‘da qilgan shaxslar aniqlangandi.
Keyinroq Janubiy Koreyaga ishga yuborishda $296 ming miqdoridagi firibgarlik fosh qilingandi. Masalan, farg‘onalik fuqaro hibsga olinishidan avval ishga yuborishi evaziga $196 650 ni qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Shuningdek, Migratsiya agentligi Farg‘ona filiali sobiq rahbari Koreyaga ishga yuborish uchun $90 ming olgani aytilgandi.
Spot, avvalroq, o‘zbekistonliklarning birinchi guruhi Belarusda ishlash uchun yetib borgani haqida yozgandi.