Toshkent metrosining Yer usti halqa yo‘li yo‘nalishida 17−19-iyul kunlari poyezdlar harakati soat 06:00 dan 22:30 gacha amalga oshiriladi. Bu haqda poytaxt metropoliteni xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu davrda yo‘nalishdagi 14 ta bekatning konstruktiv va texnik holati mutaxassislar tomonidan batafsil tekshiriladi.

Profilaktik tadbirlar metropoliten infratuzilmasining ishonchli faoliyatini ta‘minlash, uning texnik holatini chuqur tahlil qilish hamda yo‘lovchilar uchun xavfsiz va qulay sharoitlarni yaratishga qaratilgan.

Metropoliten vaqtinchalik noqulayliklar uchun yo‘lovchilardan uzr so‘radi.

Bir kun avval Toshkent yer usti metro bekatining tom qismi qulab tushgandi. Hodisa Turon bekatida sodir bo‘lgan, buning natijasida poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatilgan edi. Yo‘lovchilar uchun bepul metrobuslar yo‘lga qo‘yilgan.

Spot, avvalroq, Toshkentdagi yer usti metro yo‘nalishlari ostida 400 ta yangi biznes ish boshlashi mumkinligi haqida yozgandi.