Qoraqalpog‘istonning Ellikqal‘a tumani hamda Toshkent shahrining Yangihayot tumanida xorijga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.

Aniqlanishicha, Ellikqal‘a tumanida fuqaro R.S. uch nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni Dubay shahri va Moldova davlatiga ishga yuborishni va‘da qilgan.

U buning evaziga $2 ming va 4 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Yangihayot tumanida esa E.W. korxonasi rahbari B.U. va boshqalar fuqaro Sh.L.ni Migratsiya agentligida ishlovchi tanishlari orqali Belarusga ishga yuborishni va‘da qilib, $500 va 1,2 mln so‘m olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ishga yuborish

Joriy yilning may oyida Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq qariyb $90 mlnlik korrupsion sxema fosh etilgandi. Tergovda jinoiy guruh fuqarolardan noqonuniy ravishda jami $45 mln olgani maʼlum bo‘ldi.

Shundan keyin Migratsiya agentligi sobiq bo‘lim boshlig‘i Azizbek Toshtemirovga xalqaro qidiruv e‘lon qilingandi. Tegishli kartochka Xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti — Interpol saytida paydo bo‘ldi.

Iyun oyi boshida o‘nta hududda fuqarolarga Koreyaga ishga yuborishni va‘da qilgan shaxslar aniqlangandi.

Keyinroq Janubiy Koreyaga ishga yuborishda $296 ming miqdoridagi firibgarlik fosh qilingandi. Masalan, farg‘onalik fuqaro hibsga olinishidan avval ishga yuborishi evaziga $196 650 ni qo‘lga kiritganligi aniqlangan.

Shuningdek, Migratsiya agentligi Farg‘ona filiali sobiq rahbari Koreyaga ishga yuborish uchun $90 ming olgani aytilgandi.


Spot, avvalroq, o‘zbekistonliklar Slovakiyadagi qurilish ishlariga taklif qilinayotgani haqida yozgandi.