Avvalroq prezident Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.

Kichik tadbirkorlarga biznesning haqiqiy qiymatini baholab kredit berish imkonini beruvchi kontr-kafolat tizimi joriy etiladi.

10 mlrd so‘mgacha kreditda garovning 30% ini davlat, 30% ini Biznesni kafolatlash kompaniyasi, 15% ini banklar o‘z zimmasiga oladi. Tadbirkorning o‘ziga 25% garov topish kifoya qiladi.

Virtual soliq maslahatchisi orqali tadbirkorga xarajat va xatolarni kamaytirishga yordam beradigan sunʼiy intellekt portali ishga tushirildi. Kelasi yildan bunday sunʼiy intellekt yordamchilari qurilish, mehnat munosabatlari, tashqi savdo va davlat xizmatlarida ham joriy etiladi.

Tadbirkorlar ko‘targan masalalar asosidagi tashabbuslarning ikkinchi yo‘nalishi — hududlarda biznes imkoniyatlarini oshirish.

Davlat rahbari minglab gektar bo‘sh yer va samarasiz foydalanilayotgan davlat aktivlari faqat loyihaga aylanib, ish o‘rni va eksportga xizmat qilganda haqiqiy qiymat yaratishini taʼkidladi.

Davlat aktivini sotib olishda avans 30% dan 15% ga tushiriladi, olti oyda to‘liq to‘lov qilganlarga 25% chegirma beriladi. Summaning yarmini to‘lagan tadbirkor qolganini 7 yilda foizsiz bo‘lib to‘lashi mumkin bo‘ladi.

Uch oyda sotilmagan davlat mulkining boshlang‘ich narxi bosqichma-bosqich 10% gacha kamaytiriladi. Auksion muddati ham ikki barobar qisqartiriladi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda tadbirkorlikning har bir bosqichi uchun yaxlit ekotizim yaratilishi haqida yozgandi.