Rossiyaning ikkita aviakompaniyasi Permdan O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni ochishlari mumkin. Bu haqda “Kommersant” nashri xabar berdi.

Bu bo‘yicha, Moskvada o‘tkazilgan “Rossiya transporti” xalqaro forumi doirasida Permning bosh vazir o‘rinbosari Andrey Alyakrinskiy va mintaqa transport vaziri Sergey Veshnyakov “Azimut” va “Ikar” aviakompaniyalari rahbarlari bilan muhokama olib bordi.

Xususan, mazkur aviakompaniyalarning O‘zbekistonning 3ta shahri — Samarqand, Toshkent hamda Urganchga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Biroq, qaysi aviakompaniya qaysi shaharlardan biriga parvoz qilishiga aniqlik kiritilmagan.

Bundan tashqari, kompaniyalar parvoz yo‘nalishlari qatorida Olmaota, Bishkek, Batumi yoki Tbilisi ham mavjud.

O‘tgan yilning iyun oyida “Azimut” aviakompaniyasining Mineralniye Vodidan Toshkent va Urganchga muntazam parvozlarni amalga oshirishi ma’lum bo‘lgandi. Kompaniya 2017-yilda tashkil etilgan.

2022-yilning martida “Uzaviatsiya” “Azimut"ga O‘zbekistonga muntazam parvozlar uchun ruxsatnoma berdi. Ular orasida Mineralniye Vodi — Urganch yo‘nalishi ham bor edi. Shuningdek, iyunda Moskvadan Navoiyga parvozlar boshlandi.

Rossiya aviakompaniyalarining O‘zbekistonga parvozi

Rossiya aviakompaniyalari faol tarzda O‘zbekistonga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ymoqda. Yil boshida “Nordwind Airlines” aviakompaniyasi Permdan O‘zbekistonga parvozlarni yo‘lga qo‘yishi ma’lum qilindi. Parvozlar yo‘nalishida Farg‘ona hamda Samarqand bor edi.

Fevral oyida “Ural Airlines” Yekaterinburgdan O‘zbekistonning 6ta shahriga parvozlarni yo‘lga qo‘yishga ruxsat oldi. Mart oyi oxirida “Azimut” aviakompaniyasi Sochi va Urganchni to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar bilan bog‘ladi. Aprelda esa “Pobeda” aviakompaniyasi Moskvadan Samarqandga parvozlarni boshladi.

Shu bilan birga, “iFly” aviakompaniyasi yozgi mavsumda Urganch va Samarqandga reyslarni ochishi haqida xabar berildi.

Avgustga kelib, “UVT Aero” aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish uchun ruxsatnomaga ega bo‘ldi. Sentabrda esa Qozondan Samarqandga parvozlarni boshladi.

Kuz mavsumi boshida “Pobeda” kompaniyasi ham Yekaterinburg va Novosibirskdan Samarqandga parvozlarni yo‘lga qo‘yish uchun ruxsatnoma oldi. Kompaniya, shuningdek, Moskvadan Samarqandga parvozlar chastotasini oshiradi.

Oktabrda esa “Red Wings” va “Ural Airlines” Chelyabinskdan Samarqandga muntazam parvozlar uchun ruxsat oldi. “Nordwind Airlines” ham Permdan Samarqandga parvozlarni amalga oshirishga ruxsat oldi.

Avvalroq Rossiyaning 9ta aviakompaniyasi O‘zbekistonga parvozlar uchun kurashayotgani hamda “Aeroflot” mamlakat shaharlariga qo‘shimcha reyslarning katta qismini qabul qilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. 15-dekabrdan mazkur aviakompaniya Moskva-Urganch yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlarni tiklamoqda.