Avvalroq “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi Buxoro, Nukus, Termiz, Farg‘ona, Urganch, Qarshi va Namangan shaharlariga qo‘shimcha qatnovlarni yo‘lga qo‘ygandi.

Aviakompaniya uchta mahalliy yo‘nalishlar bo‘yicha yana qo‘shimcha parvozlarni joriy etmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Parvozlar Toshkentdan Buxoro, Nukus hamda Urganch shaharlariga amalga oshiriladi. Qatnovlar jadvali quyidagicha:

  • Toshkent-Buxoro-Toshkent — 30-dekabr;
  • Toshkent-Nukus-Toshkent — 29-dekabr;
  • Toshkent-Urganch-Toshkent — 30,31-dekabr.

Avaichiptalarni “Uzbekistan Airways Sales” filiali, aviakompaniya agentlari va kompaniya sayti orqali xarid qilish mumkin.

Mahalliy qatnovlarga bayram chegirmalari

Avvalroq “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi talabalar uchun 50% chegirma e’lon qildi. Bundan tashqari, kompaniya 30-dekabrdan 2-yanvargacha mahalliy qatnovlarga 20%lik chegirma taqdim etdi.

“Silk Avia” aviakompaniyasi talabalar uchun barcha yo‘nalishlarga 50% chegirma e’lon qilgandi. Undan 23-dekabrdan kelasi yilning 7-yanvarigacha bo‘lgan parvozlar uchun o‘rta maxsus, professional va davlat OTMlari talabalari foydalanishlari mumkin.

Bundan tashqari, aviakompaniyaning Yangi yil bayrami uchun barcha mahalliy yo‘nalishlarga 40%lik chegirmalari mavjud.

Shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi ham Yangi yil bayramida talabalar uchun chegirma e’lon qildi. OTMda tahsil olayotgan talabalar temir yo‘l hujjatining to‘liq qiymatidan 50% chegirma bilan foydalanishlari mumkin.

Arzonlashtirilgan narxlar joriy yilning 25-dekabridan 2024-yilning 7-yanvarigacha bo‘lgan barcha mahalliy yo‘nalishdagi qatnovlarga amal qiladi. Kompaniya to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha qo‘shimcha poyezd qatnovlarini yo‘lga qo‘ydi.