Yaponiya Xalqaro hamkorlik banki (JBIC) O‘zbekistondagi qator loyihalarni moliyalashtirish uchun mablag‘ ajratishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Vazir Ilhom Mahkamov 7-oktabr kuni JBIC katta boshqaruvchi direktori, direktorlar kengashi a’zosi Hiroki Sekine boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Tomonlar transport sohasidagi loyihalar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Hiroki Sekine so‘nggi yillarda Yaponiya bankining O‘zbekistondagi loyihalarda ishtirok etishga qiziqishi ortganini ta’kidladi. JBIC yaqin uch yil ichida 14 ta loyihani moliyalashtirishda ishtirok etishni rejalashtirmoqda, ulardan ikkitasi transport sohasiga tegishli.
Uchrashuvda yangi Toshkent aeroportini qurish hamda O‘zaeronavigatsiya markazi uchun havo harakatini boshqarish tizimlarini yetkazib berish loyihalarining holati batafsil muhokama qilindi.
Tomonlar har ikki loyihani moliyalashtirish uchun JBIC mablag‘larini jalb qilish imkoniyatini ham ko‘rib chiqdi. Yakunda transport sohasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish va istiqbolli loyihalar doirasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Yangi Toshkent aeroporti
2025-yil oktabr oyida Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida quriladigan yangi xalqaro aeroport loyihasi bilan tanishib, bo‘lajak aeroport poydevoriga tamal toshini qo‘ygan va qurilishni rasman boshlab bergan.
Davlat-xususiy sheriklik loyihasining xususiy hamkorlari sifatida Saudiya Arabistonining Vision Invest, Yaponiyaning Sojitz va Janubiy Koreyaning Incheon International Airport Corporation (IIAC) kompaniyalari tanlangan. Xalqaro konsorsiumdagi ulushlar quyidagicha taqsimlangan:
- Vision Invest — 45%;
- Sojitz — 30%;
- IIAC — 15%;
- Uzbekistan Airports — 10%.
Aeroport foydalanishga topshirilgach, yiliga 20 mln yo‘lovchi va 129 ming tonna yukka xizmat ko‘rsatishi, bir soatda 30 tagacha parvoz va qo‘nishni amalga oshirishi hamda bir vaqtning o‘zida 62 ta samolyotni qabul qilishi mumkin bo‘ladi.

Kelajakdagi yo‘lovchi terminalining maydoni amaldagi majmuadan 4 baravar katta bo‘ladi va istiqbolda yiliga 46 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi mumkin. Bu yerda 40 dan ortiq teleskopik trap va samolyotlar uchun 160 ta to‘xtash joyi tashkil etish rejalashtirilgan.
Yangi majmua Toshkent — Samarqand, Toshkent — Andijon va Toshkent — Bo‘stonliq pullik yo‘llari bilan bog‘lanadi. Shuningdek, tezyurar poyezdlar uchun temiryo‘l stansiyasi qurilib, Toshkent va Yangi Toshkent o‘rtasida shattl avtobuslari qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Janubiy Koreyaning The Korea Herald nashri yangi Toshkent xalqaro aeroportini 2029-yilda ochish rejalashtirilgani haqida yozgan. 2027-yil iyulidan boshlab IIAC aeroport majmuasini ekspluatatsiya qilish va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha maslahat xizmatlarini ko‘rsatishni boshlaydi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, loyiha qiymati **4,7 trln von (taxminan $3,3 mlrd)**ga baholanmoqda.
Joriy yil iyun oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumida yangi aeroportni qurish bo‘yicha konsorsium tuzish to‘g‘risida kelishuv imzolangan. Aeroport 2026−2030-yillarda Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq va Quyi Chirchiq tumanlarida quriladi.
Majmua foydalanishga topshirilgach, konsorsium yo‘lovchi terminali va aeroport oldi hududini 35 yil davomida, taxminan 2065-yilgacha boshqaradi.
Birinchi bosqichda har biri 4 km uzunlikdagi ikkita uchish-qo‘nish yo‘lagi va samolyotlar uchun 98 ta to‘xtash joyi quriladi. Loyiha doirasida 208 ming kvadrat metr maydonga ega yo‘lovchi terminali, yonilg‘i quyish majmuasi hamda havo harakatini boshqarish minorasi barpo etiladi.
21-sentabr kuni prezident transport sohasidagi loyihalar bo‘yicha ishlarning borishi haqidagi taqdimot bilan tanishdi.
Unda yangi poytaxt aeroporti qurilish maydonini tayyorlash ishlari boshlanganligi ma’lum qilindi. Davlat rahbari xususiy hamkor bilan barcha kelishuvlarni imzolash, qurilishni boshlash va loyihani amalga oshirish muddatlarini belgilash bo‘yicha topshiriq berdi.
Avvalroq Spot Urganch aeroporti $242 mln ga modernizatsiya qilinib, ishlar 2028-yil oxirigacha yakunlanishi haqida yozgandi.