Pulli halqa yo‘li avtomobilchilarga Toshkentga kirmasdan shaharni aylanib o‘tish va kerakli manzilga tezroq yetib borish imkonini berishi kerak. Bu haqda Toshkent hokimi Shavkat Umurzoqov Gazeta.uz'ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, halqa yo‘li loyihasi jamoat transporti, piyodalar va mikromobillik infratuzilmasini rivojlantirish bilan birgalikda ko‘rib chiqilmoqda. Uning ta’kidlashicha, tashqi halqa yo‘li Toshkentning boshqa hududiga borish yoki shahar orqali tranzit o‘tishni istaganlar uchun markazdan o‘tishga muqobil yo‘l yaratishi kerak.

“Agar shaharni aylanib o‘tmoqchi yoki uning boshqa chekkasiga yetib bormoqchi bo‘lsangiz, shahar ichidan o‘tadigan qisqa yo‘l o‘rniga halqa yo‘liga chiqib, aylanib o‘tish va manzilga tezroq yetib borish ma’qul”, — dedi Shavkat Umurzoqov.

U halqa yo‘lining jozibadorligini svetoforlarda to‘xtashlar sonini kamaytirish orqali oshirish kerakligini ta’kidladi. Hozir Kichik va Katta halqa avtomobil yo‘llarida ko‘plab svetoforlar mavjud bo‘lib, shu sababli ulardagi harakat shahar markazi orqali o‘tish bilan deyarli bir xil vaqt olishi mumkin.

Shavkat Umurzakov. Foto: Gazeta.uzShavkat Umurzakov. Foto: Gazeta.uz

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, yo‘l o‘tkazgichlarining aksariyati halqa yo‘lidagi yo‘l ayirmalari yoki piyodalar uchun to‘siqsiz muhit yaratish bilan bog‘liq. Shahar ichida esa yangi ko‘priklarni “ko‘p bo‘lmagan miqdorda” qurish rejalashtirilmoqda.

“Ushbu yo‘l o‘tkazgichlarning aksariyatini qurishdan maqsadimiz, aksincha, to‘siqsiz muhit yaratish, ya’ni piyodalar yo‘llarni xavfsiz kesib o‘tishi uchun sharoit yaratishdir”, — dedi u.

Ikki qavatli pulli halqa yo‘lini qurish rejalari iyul oyi oxirida ma’lum bo‘lgan. Toshkent shahar Kengashi qaroriga ko‘ra, loyiha qiymati $1 mlrd bo‘lgan, uzunligi 100 km lik yo‘lni qurishni China Railway Construction kompaniyasi amalga oshirishi rejalashtirilgan. O‘shanda hokimlik investor bilan kelishuv emas, memorandum imzolanganini bildirgan.


Avvalroq Shavkat Umurzakov Toshkentda havo ifloslanishi sabab 300 gektar issiqxona yo‘nalishi o‘zgartirilgani haqida aytgandi.