Janubiy Koreyaga ishga yuborishni vaʼda qilib, qariyb $185 mingni qo‘lga kiritganlar aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Aniqlanishicha, Hazorasp tumanida fuqaro D.M. va boshqalar o‘zaro til biriktirib, fuqarolarni Migratsiya agentligida ishlovchi tanishlari orqali Janubiy Koreyaga ishga yuborishni vaʼda qilgan.
Shu yo‘l bilan ular ikki fuqarodan $15,5 mingni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan. Ushbu mablag‘ning $1,5 ming qismi protsessual tartibda qaytarilgan.
Tekshiruv davomida ushbu shaxslar yana 17 nafar fuqarodan Janubiy Koreyaga ishlash uchun ketish bo‘yicha imtihonlarni ijobiy hal qilib berishni vaʼda qilib, jami $159,5 ming olgani ham maʼlum bo‘lgan.
Shuningdek, yana bir holatda fuqaro X.X. bir fuqarodan Janubiy Koreyaga ketish uchun o‘tkaziladigan imtihonni ijobiy hal qilib berish evaziga $10 ming olgani aniqlangan. Mazkur mablag‘ ham protsessual tartibda qaytarilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Koreyaga ishga yuborish
Joriy yilning may oyida Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq qariyb $90 mlnlik korrupsion sxema fosh etilgandi. Tergovda jinoiy guruh fuqarolardan noqonuniy ravishda jami $45 mln olgani maʼlum bo‘ldi.
Shundan keyin Migratsiya agentligi sobiq bo‘lim boshlig‘i Azizbek Toshtemirovga xalqaro qidiruv e‘lon qilingandi. Tegishli kartochka Xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti — Interpol saytida paydo bo‘ldi.
Iyun oyi boshida o‘nta hududda fuqarolarga Koreyaga ishga yuborishni va‘da qilgan shaxslar aniqlangandi.
Keyinroq Janubiy Koreyaga ishga yuborishda $296 ming miqdoridagi firibgarlik fosh qilingandi. Masalan, farg‘onalik fuqaro hibsga olinishidan avval ishga yuborishi evaziga $196 650 ni qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Shuningdek, Migratsiya agentligi Farg‘ona filiali sobiq rahbari Koreyaga ishga yuborish uchun $90 ming olgani aytilgandi.
O‘tgan haftada Migratsiya agentligi rahbariyati va xodimlari haqidagi xabarlar yuzasidan tekshiruv olib borilayotganini ma‘lum qilgandi.
Spot, avvalroq, o‘zbekistonliklar Italiyaga qurilish ishlariga taklif qilinayotgani haqida yozgandi.