Pensiyalar va nafaqalar oshiriladi
1-iyuldan pensiyalar va nafaqalar hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam to‘lovlari miqdorlari 7% ga oshiriladi.
Bunda yoshga doir eng kam pensiya miqdori oyiga 983 ming so‘mni (oldin 918 ming so‘m), nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori esa oyiga 1 083 ming so‘mni (1 012 000 so‘m) tashkil etadi.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasining har oylik miqdori:
- 3 yoshgacha bo‘lgan 1 ta kichik farzandi uchun — 386 ming so‘m (oldin 360 ming so‘m);
- 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 1 ta farzandi uchun — 295 ming so‘m (275 ming so‘m);
- oilaning 2-farzandi uchun qo‘shimcha — 177 ming so‘m (165 ming so‘m);
- oilaning 3- va undan keyingi har bir farzandi uchun qo‘shimcha — 118 ming so‘m (110 ming so‘m).
Shuningdek, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori 450 ming so‘m (oldin 420 ming so‘m edi) etib belgilandi.
1-iyuldan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — oyiga 504 000 so‘m etib belgilandi. Amalda bu miqdori 471 ming so‘mni tashkil etgandi.
Nogironlik va boquvchisini yo‘qotganlik kabi nafaqalar qanchaga oshiriladi?
1-iyulidan boshlab fuqarolarga to‘lanadigan boshqa pensiya va nafaqalarning miqdorlari quyidagicha oshiriladi:
- ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori — oyiga 1 083 000 so‘m (oldin 1,012 mln so‘m edi);
- mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 1 083 000 so‘m (1,012 mln so‘m);
- 1941−1945-yillardagi urush oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari hamda Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda — oyiga 4 775 000 so‘m (4,462 mln so‘m);
- belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (983 000 so‘mdan) 1 083 000 so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari miqdori — oyiga 1 083 000 so‘m (1,012 mln so‘m);
- zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 878 ming so‘m (820 ming so‘m);
- ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda — oyiga 878 ming so‘m (820 ming so‘m);
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 878 ming so‘m (820 ming so‘m);
- boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori — oyiga 878 ming so‘m etib belgilanadi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun 290 ming so‘mdan (oldin 270 ming so‘m edi) qo‘shiladi;
- boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori — oyiga 878 ming so‘m etib belgilanadi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lanadi.
Savdo va xizmat ko‘rsatishda yagona QR-kod ishga tushadi
O‘zbekistonda savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi barcha yuridik shaxslar uchun yagona QR-kod — UzQR tizimi ishga tushiriladi. U orqali xaridor istalgan bank yoki to‘lov ilovasi yordamida bitta QR-kodni skaner qilib to‘lovni amalga oshirishi mumkin.
1-iyuldan QR-kod orqali to‘lovlarni qabul qilish savdo va servis korxonalari uchun majburiy bo‘ladi. Tadbirkorlar tizimga bepul ulanadi. UzQR terminallarsiz to‘lov qabul qilish, bir nechta QR-kodlarga ehtiyojni bartaraf etish va mablag‘larni 24 soat ichida hisobga tushirish imkonini beradi.
Tizim bo‘yicha umumiy komissiya 0,65% etib belgilangan. Bu mablag‘ ekvayer bank, Uzcard, Humo, QR-kod operatori, to‘lov ilovasi va to‘lovchi bank o‘rtasida taqsimlanadi. Iste’molchidan komissiya undirilmaydi.
Markaziy bankning ma’lum qilishicha, 0,65% lik tarif amaldagi 1−3% lik QR-to‘lov komissiyalaridan ancha past. Shu bilan birga, ayrim ilovalar tomonidan qo‘shimcha yig‘imlar undirilayotgani qayd etilib, bunday to‘lovlar tizimning rasmiy tarifiga kirmasligi ta’kidlangan.
Kredit olish uchun yagona platforma ishga tushiriladi
Markaziy bank tomonidan kreditga ariza berish hamda banklar takliflarini olish imkonini beruvchi moliyaviy platforma ishga tushiriladi. Uni iyulga qadar joriy etish belgilangan.
Kichik va o‘rta biznesga oid ma’lumotlar Raqamli hukumat tizimi orqali olinadi. Ular 2027-yil 1-iyungacha banklarga beg‘araz taqdim etiladi.
Platformadagi ma’lumotlar asosida banklar tadbirkorlarga o‘z shartlari bo‘yicha kredit va boshqa moliyaviy xizmatlar takliflarini yuboradi. Tadbirkorlar esa ushbu takliflarni solishtirib, o‘ziga mos variantni tanlashi mumkin bo‘ladi.
Garovsiz mikrokredit limiti 200 mln so‘mgacha oshiriladi
Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturi doirasida avval mikrokredit olgan va ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan tadbirkorlarga mikrokreditning garovsiz qismi 100 mln so‘mdan 200 mln so‘mgacha oshiriladi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi kichik biznesga kredit (lizing) miqdoridan qat’i nazar, uning 5 mlrd so‘mgacha qismi uchun foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya taqdim etadi.
Shu bilan birga, har yili dastur asosida qo‘llab-quvvatlangan, o‘z faoliyatini kengaytirgan va yuqori ko‘rsatkichga ega 100 ta tadbirkorga 300 mln so‘mgacha grant ajratiladi. Mablag‘lar faoliyatini raqamlashtirish, xalqaro standartlarni va yashil texnologiyalarni joriy etish xarajatlari yo‘naltiriladi.
Kompaniya grant taqdim etiladigan 100 ta tadbirkorni aniqlash tartibini tasdiqlashi hamda har yili may oyiga qadar grant beriladigan biznes vakillari ro‘yxatini e’lon qilishi kerak.
“Kvartplata” bo‘yicha qarzdorlar uchun elektrga to‘lov qilish cheklanadi
1-iyuldan boshlab Toshkent shahridagi ko‘p kvartirali uylarni boshqarish bilan bog‘liq asosiy jarayonlar — umumiy yig‘ilishlarni chaqirish va o‘tkazish, qarorlar qabul qilish, shartnomalar tuzish, boshqaruvchilarning hisobotlarini taqdim etish hamda murojaatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish — faqat “Mening uyim” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Mazkur tartib 2027-yildan boshlab mamlakatning barcha hududlariga tatbiq etiladi.
Shuningdek, majburiy badallar hamda umumiy mol-mulkni ijaraga berish va undan foydalanishdan tushadigan mablag‘lar hisobi “Mening uyim” tizimi orqali yuritiladi. Har bir ko‘p kvartirali uy uchun alohida bank hisob raqami ochilib, unda uyga tegishli barcha tushum va xarajatlar aks ettiriladi.
Mulkdorlar majburiy to‘lovlarni har oyning 15-sanasiga qadar amalga oshirishi lozim. To‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmasa, qarzdorlik bartaraf etilgunga qadar elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilish cheklanadi. Bundan tashqari, kechiktirilgan to‘lovlar uchun har bir kun bo‘yicha penya hisoblanadi.
Umumiy mol-mulkni ijaraga berishdan tushadigan daromadlar, jumladan mobil aloqa antennalari va reklama joylashtirishdan olinadigan mablag‘lar tegishli uylarning bank hisob raqamlariga yo‘naltiriladi va mulkdorlarning daromadi hisoblanadi. Boshqaruvchilar esa har chorak yakuni bo‘yicha daromadlar, xarajatlar va bajarilgan ishlar yuzasidan hisobotlarni “Mening uyim” tizimida e’lon qilib boradi.
Bundan tashqari, ko‘p kvartirali uylarning umumiy mol-mulkini ijaraga berish “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali amalga oshiriladi va tushgan mablag‘lar tegishli uylarning hisob raqamlariga o‘tkaziladi.
O‘zbekistonda bond omborlari ishga tushiriladi
2026-yil 1-iyuldan 2028-yil 1-iyulgacha huquqiy eksperiment tariqasida O‘zbekistonda jismoniy shaxslar uchun mo‘ljallangan tovarlarni maxsus elektron savdo platformalari orqali sotishga xizmat qiluvchi yangi turdagi erkin ombor — bond omborlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Eksperiment doirasida tovarlar bond omborlariga erkin ombor bojxona rejimi asosida joylashtiriladi va maxsus elektron savdo platformalari orqali jismoniy shaxslarga chakana sotiladi. Bunday tovarlarni chiqarishda ayrim hollarda muvofiqlikni baholash, sanitariya va veterinariya nazorati talablari qo‘llanilmaydi, biroq mahsulotlarning belgilangan talablarga mosligi uchun javobgarlik ombor operatorlari zimmasiga yuklanadi.
Ayrim toifadagi tovarlar uchun amaldagi bojxona to‘lovlari o‘rniga ularning sotuv qiymatidan 5% miqdorida yagona bojxona to‘lovi yoki QQS va 3% lik boj undiriladi. Shu bilan birga, ayrim tovarlarni bond omborlari orqali jismoniy shaxslarga sotish bo‘yicha aylanmalar QQSdan ozod etiladi.
Bojxona va soliq organlari elektron axborot almashinuvi orqali bond omborlaridan xarid qilingan mahsulotlarning keyinchalik tijorat maqsadida qayta sotilishini nazorat qiladi. Bunday holatlar aniqlansa, bojxona to‘lovlari umumiy tartibda qayta hisoblanib undiriladi.
O‘zbekistonda yirik soliq to‘lovchilar ro‘yxati kengayadi
2026-yil 1-iyuldan yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritishning yangi mezonlari kuchga kiradi. Xususan, barcha tijorat banklari, sug‘urta tashkilotlari, valyuta, fond va tovar-xomashyo birjalari, tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari, mobil aloqa operatorlari hamda yo‘lovchi aviakompaniyalar yirik soliq to‘lovchilar sifatida e’tirof etiladi.
Shuningdek, Olmaliq KMK, Navoiy KMK, O‘zbekiston temir yo‘llari, O‘zkimyosanoat, O‘zavtosanoat va O‘zmetkombinat hamda ularning barcha shuba korxonalari ushbu toifaga kiritiladi.
Boshqa sohalarda esa kamida 100 nafar doimiy xodimga ega hamda budjetga BHMning 240 ming baravari (98,88 mlrd so‘m) va undan ortiq miqdorda soliq, bojxona va boshqa majburiy to‘lovlarni amalga oshirgan korxonalar yirik soliq to‘lovchilar deb hisoblanadi.
Mazkur talab quyidagilarga tatbiq etilmaydi:
- paxta-to‘qimachilik klasterlari va to‘qimachilik korxonalari;
- alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va ulgurji distribyutorlari;
- sement va boshqa qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilari;
- ulgurji va chakana savdo korxonalari.
Soliq qo‘mitasi yirik soliq to‘lovchilarni 2026-yilda 1-aprel holatiga, keyingi yillarda esa 1-iyul holatiga ko‘ra budjetga tushumlar va xodimlar soni asosida aniqlaydi. Ushbu toifaga kiritilgan korxonalarga tegishli xabarnoma yuboriladi, ularning ro‘yxati esa Soliq qo‘mitasi saytida e’lon qilinadi.
Tadbirkorlar uchun soliq hisobotlari soddalashtiriladi, ayrim tekshiruvlar bekor qilinadi
1-iyuldan boshlab soliq ma’murchiligida bir qator yangi tartiblar joriy etiladi. Xususan, tekshiruvdan oldingi tahlil natijasida aniqlangan tafovutlar bo‘yicha aniqlashtirilgan soliq hisobotini yoki asoslovchi hujjatlarni taqdim etish majburiyati bekor qilinadi. Soliq xavfi o‘rta darajada bo‘lgan tadbirkorlarga aniqlangan xatarlar haqida xabarnoma yuboriladi va kamchiliklar bir oy ichida bartaraf etilsa, soliq tekshiruvi o‘tkazilmaydi.
Shuningdek, yangi tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlariga dastlabki olti oy davomida soliq va moliyaviy hisobotlarni topshirish bo‘yicha xizmatlar “Soliq-servis” tomonidan bepul ko‘rsatiladi. Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari ham “Soliq-servis” tasarrufiga o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, savdo, umumiy ovqatlanish, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi korxonalari, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning soliq hisobi va nazorati tuman (shahar) soliq inspeksiyalari tomonidan amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, davlat ulushi 50% va undan yuqori bo‘lgan dehqon bozorlari hamda savdo komplekslari balansidagi noturar joylarni ijaraga berish faqat “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali amalga oshiriladi.
Qurilishda parallel qurilish bekor qilinadi
Yangi qurilish obyektlarida loyihalashtirish va qurilish-montaj ishlarini bir vaqtda olib borish (parallel qurilish) amaliyoti bekor qilinadi. Uning o‘rniga tajriba-sinov tariqasida loyihani bosqichma-bosqich tayyorlash va har bir bosqich bo‘yicha ekspertiza hamda ro‘yxatdan o‘tkazish yakunlangach qurilish ishlarini boshlash tartibi joriy etiladi.
Mazkur mexanizm tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlarga tatbiq etiladi. Qurilish jarayonlari “Qurilishda davlat nazorati” elektron platformasi orqali monitoring qilinadi. Shuningdek, ayrim davlat xaridlari bo‘yicha texnik topshiriqlarni ekspertizadan o‘tkazish amaliyoti bekor qilinadi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-iyuldan obyektlarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash “bitta ariza — bir to‘lov — barcha ulanish nuqtalari” tamoyili asosida amalga oshiriladi.
Joriy yil yakuniga qadar Toshkent shahrida, 2027-yil yakuniga qadar esa respublikaning boshqa hududlarida elektr, gaz, suv va boshqa tarmoqlar bo‘yicha mavjud quvvatlar hamda ulanish nuqtalari haqidagi ma’lumotlar yagona GIS tizimiga integratsiya qilinadi.
Natijada bosh rejalari raqamlashtirilgan hududlarda texnik shartlarni berish jarayoni to‘liq inson omilisiz amalga oshiriladi.
Ishlab chiqarish bosqichma-bosqich xalqaro standartlarga o‘tkaziladi
1-iyuldan to‘qimachilik, charm, mebel, elektrotexnika, avtomobilsozlik va IT sohalarida ishlab chiqarish va xizmatlar to‘liq xalqaro standartlar asosida tashkil etiladi.
Shuningdek, texnik reglamentlarning iqtisodiyot va tadbirkorlikka ta’sirini oldindan baholash tizimi joriy etilib, ularni ishlab chiqishning yangi tartibi yo‘lga qo‘yiladi.
Xalqaro standartlar qayta ko‘rib chiqilib, ma’nan eskirgan hamda o‘rnini bosuvchi xalqaro standart mavjud bo‘lgan amaldagi standartlar bosqichma-bosqich bekor qilinadi.
Aholiga nasldor buzoqlar uchun subsidiya beriladi
2028-yil yakuniga qadar qator agrar oliygohlarda sun’iy urug‘lantirish bo‘yicha 10 kunlik o‘quv kurslari tashkil etiladi. Har yili kamida 1 ming nafar tinglovchi o‘qitilib, kursni muvaffaqiyatli tamomlagan va sertifikat olgan texnik-osimenatorlarga davlat hisobidan zarur jihoz va uskunalar bepul beriladi. Shuningdek, o‘quv xarajatlari uchun 2 mln so‘mgacha kompensatsiya to‘lanadi.
Bundan tashqari, 2030-yil 1-yanvargacha aholining identifikatsiya qilingan sigirlaridan olingan nasldor buzoqlar uchun subsidiya ajratiladi. Sun’iy urug‘lantirish orqali olingan har bir nasldor buzoq uchun 500 ming so‘m, embrion ko‘chirib o‘tkazish (transplantatsiya) orqali olingan buzoq uchun esa 700 ming so‘m subsidiya beriladi.
Chorvachilik loyihalariga 20 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi
Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi har yili banklarga 10 yil muddatga yillik 6% stavkada 1 trln so‘m mablag‘ joylashtiradi. Shuningdek, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan Xalq banki va Mikrokreditbankka 10 yil muddatga, 4 yillik imtiyozli davr bilan yillik 6% stavkada $50 mlngacha ekvivalentda mablag‘ ajratiladi.
Mazkur resurslar hisobidan tadbirkorlarga yillik 10% stavkada (shundan 4% bank marjasi), 4 yillik imtiyozli davr bilan 10 yilgacha muddatga kreditlar beriladi. Jumladan, chorvachilik majmualarini tashkil etish va nasldor qoramol xaridi uchun 5 mlrd so‘mgacha, naslli buqa urug‘i yetishtiruvchi korxonalarni tashkil etish uchun esa 20 mlrd so‘mgacha kredit ajratiladi.
Bundan tashqari, chorvachilik yo‘nalishida davlat kafolati ostida jalb qilingan xalqaro moliya institutlari mablag‘lari ham tadbirkorlarga yillik 10% stavkada taqdim etiladi. Imtiyozli kreditlash bilan bog‘liq xarajatlar Davlat budjeti hisobidan qoplanadi.
Qarzlarni undirish va xatlangan mol-mulkni sotish soddalashtiriladi
Sud va boshqa vakolatli organlar qarorlari asosida davlat daromadiga o‘tkaziladigan avtotransport vositalari hamda ko‘chmas mulklar davlat ijrochisi qarori bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tasarrufiga beriladi.
Bosh prokuratura, Markaziy bank va Soliq qo‘mitasi soliq qarzlari hamda muammoli kreditlarni undirishda yangi tartibni joriy etadi.
Unga ko‘ra, mol-mulklarni elektron auksionlar orqali sotish, ayrim holatlarda xatlov va ko‘zdan kechirish hujjatlarini soliq organlari yoki bank vakillari tomonidan rasmiylashtirish, shuningdek savdolar bilan bog‘liq barcha hujjatlarni elektron platformalar orqali yuritish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Ipoteka omonatlari tajriba tariqasida joriy etiladi
1-iyuldan 31-dekabrgacha ipoteka omonati mexanizmi tajriba tariqasida joriy etiladi.
Unga ko‘ra, ipoteka subsidiyasini olish bo‘yicha ijobiy xulosa olgan fuqarolar bankda maxsus ipoteka omonati ochishi mumkin. Davlat dastlabki badal uchun ajratiladigan subsidiyani oldindan ushbu omonatga o‘tkazadi, bank esa mablag‘larga bozor stavkasida foiz hisoblaydi.
Jamg‘arilgan mablag‘lar va foizlar keyinchalik ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badalni shakllantirishga yo‘naltiriladi. Shuningdek, kredit ajratilgach, dastlabki 5 yil davomida foizlarning asosiy stavkadan yuqori qismi davlat tomonidan subsidiyalanadi.
Xususiy klinikalarga budjetdan tibbiy xizmat ko‘rsatishga ruxsat beriladi
Nodavlat tibbiyot tashkilotlariga davlat tibbiy sug‘urtasi doirasida budjet mablag‘lari hisobidan tibbiy xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat beriladi. Davolash xarajatlari davlat va xususiy klinikalar uchun yagona bazaviy narxlar asosida qoplanadi.
Shuningdek, xalqaro yoki milliy akkreditatsiyadan o‘tgan tibbiyot muassasalari bilan Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi o‘rtasida shartnoma tuzishda Sog‘liqni saqlash vazirligi ekspert komissiyasi xulosasini olish talabi bekor qilinadi.
Bundan tashqari, ixtisoslashtirilgan ambulator xizmatlar va jarrohlik amaliyotlari uchun yo‘llanma berish tartibi joriy etiladi, budjet mablag‘larini tibbiyot muassasalari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinib, mablag‘lar kasalliklar yo‘nalishlari bo‘yicha rejalashtiriladi.
Litsenziya talablari buzilganda litsenziya faoliyatini faqat tegishli tibbiy ixtisoslik bo‘yicha to‘xtatib turish amaliyoti joriy etiladi. Shuningdek, tug‘uruq xizmatlari ko‘rsatuvchi muassasalarga bakteriologik laboratoriya xizmatlarini autsorsing asosida tashkil etishga ruxsat beriladi.
Raqamli komplayens dasturi ishga tushiriladi
Raqamli komplayens axborot dasturiy kompleksi sinov rejimida ishga tushiriladi hamda u quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘ladi:
- Korrupsiyaning oldini olish klasteri ishtirokchilari o‘rtasida tezkor ma’lumot almashish;
- davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlarini Dasturiy kompleks bilan integratsiya qilish orqali Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatini axborot jihatdan ta’minlash;
- Dasturiy kompleksning E-Komplaens modulini ishga tushirish orqali korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari faoliyatini to‘liq raqamlashtirish.
Xorazmda jamoat transporti naqd pulsiz to‘lovlarga o‘tkaziladi
Birinchi bosqichda viloyatdagi SHI-4, SHI-5, SHI-7, SHI-13, SHI-18, SHI-19 va SHI-28-sonli avtobus yo‘nalishlari hamda T1-sonli Urganch-Xiva trolleybus yo‘nalishida to‘lovlar faqat elektron shaklda qabul qilinadi. Qolgan yo‘nalishlarda esa bu brutto-shartnomalar rasmiylashtirilganidan keyin bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Trolleybuslarda yo‘lkira haqi bir yo‘lovchi uchun 3 ming so‘m etib belgilandi. Og‘irligi 20 kilogrammdan ortiq bagajni tashish uchun 4 ming so‘m miqdorida bir martalik to‘lov undiriladi.
Mahalliy hokimliklar 1-iyulga qadar bekatlar va ularga yaqin hududlarda elektron chipta xarid qilish uchun infokiosklar o‘rnatishi va ularni elektr tarmoqlariga ulashi kerak.
Mudofaa organlari fuqaro xodimlarining ish haqi oshiriladi
Mudofaa ishlari boshqarmalari hamda tumanlar (shaharlar) mudofaa ishlari bo‘limlari shtatidagi fuqaro xodimlarning (chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik rahbarlaridan tashqari) ish haqi 20% ga oshiriladi. Shu bilan birga, ularning maoshi kelasi yildan yana 50% ga ko‘tariladi.
Bunda fuqaro xodimlarning tarif stavkalari amaldagi mehnatga haq to‘lash razryadlari (yagona tarif setkasi) bo‘yicha tarif koeffitsiyentlarini 10-iyundan e’tiboran 1,2 baravarga oshirish orqali hisoblanadi.